O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalari yanada kengayadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan suhbatlashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi hamda 4 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan mintaqalararo sammit va iqlim forumiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
So‘ngra davlatimiz rahbari Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Turli darajalardagi faol muloqotlar va sermahsul almashinuvlar, amaliy hamkorlikning institutsional mexanizmlari doirasida samarali ishlar olib borilayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishga tayyorlanmoqda.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror ortib bormoqda. Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalari portfeli 30 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda. Mamlakatimiz Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining yirik benefitsiari hisoblanadi, Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasi ochilmoqda.
Evropa Ittifoqining bosh institutlari rahbarlari Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturini, shuningdek, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklikni mustahkamlash borasidagi siyosatni yuksak baholadilar va qat’iy qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar.
Muzokaralarda asosiy e’tibor innovatsiyalar, “yashil” energetika, tog‘-kon tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma dastur va kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga qaratildi.
Turizm, madaniyat, fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Bo‘lajak “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi oliy darajadagi sammit kun tartibidagi masalalar hamda Yevropaning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ikki mintaqaning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari, jumladan, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida mamlakatimizda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolandi.
1958 yilda tashkil etilgan Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqining yetakchi moliyaviy institutidir.
Ta’kidlash joiz, ofisning Toshkent shahrida ochilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda “yashil” iqtisodiyot, innovatsion sanoat va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmini oshirish imkonini beradi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston – Yevropa muzokaralari yakunida birgalikda daraxt ekish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Samarqand shahridagi Kongress markazi xiyobonida ikki tup eman ekdilar.
Ko‘chat ekish marosimi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida do‘stlik, ko‘p qirrali hamkorlik va sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganining yana bir ramzi bo‘ldi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari hamrohligida Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik majmuasida bo‘ldilar.
Mehmonlarga xalqimizning betakror badiiy, hunarmandlik va musiqiy madaniyati namoyish etildi.
***
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammitida ishtirok etish uchun yurtimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) prezidenti Odil Reno-Basso bilan ham uchrashdi.
Muloqotda mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan keng ko‘lamli hamkorligini yanada rivojlantirishning amaliy jihatlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston va ETTB o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar portfeli barqaror kengayib bormoqda. Bankning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritgan jami investitsiyalari 5 milliard yevrodan oshdi, jumladan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra qariyb 1 milliard yevroni tashkil etdi. Moliyaviy ko‘makning asosiy hajmi xususiy sektorga to‘g‘ri kelmoqda.
Mamlakatimiz bo‘yicha o‘rta muddatli Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. ETTB ekspertlari ko‘magida bank sohasini transformatsiya qilish va biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
Uchrashuvda loyihalarning ijrosi sifatini yaxshilash va samaradorligini oshirish bo‘yicha birgalikdagi ishlar o‘z natijasini berayotgani qayd etildi. Jarayonlarni maqbullashtirish va loyihalarni tayyorlashni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, ta’lim, suv ta’minoti, maishiy chiqindilarni qayta ishlash kabi muhim yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
“Yashil” iqtisodiyot, uglerod chiqindilarini kamaytirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, ipoteka bozori, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa sohalardagi dastur va loyihalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Joriy yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish yuzasidan ham fikr almashildi.
Ziyodulla JONIBEKOV, G‘olib HASANOV, O‘zA muxbirlari