Aviaqatnovlar orqali O‘zbekistonga kirib kelgan fuqarolar karantinni o‘z uyida o‘tashadi
Pandemiya davrida «qizil», «sariq» hudud mamlakatlaridan kirib kelgan yo‘lovchilar COVID-19 aniqlanmagani haqidagi test natijasini ko‘rsatishi va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashishi shart qilib qo‘yildi. «Yashil» hudud mamlakatlaridan kelgan yo‘lovchilarga nisbatan karantin tartiblari qo‘llanilmaydi (kasallik alomatlari kuzatilgan yo‘lovchilar bundan mustasno).
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan pandemiya davrida yo‘lovchilarning aviaqatnovlar orqali O‘zbekistonga kirib kelish tartiblari belgilandi. Unga ko‘ra, «qizil», «sariq» hudud mamlakatlaridan kirib kelgan yo‘lovchilar COVID-19 aniqlanmagani haqidagi test natijasini ko‘rsatishi va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashishi shart. Bu haqda Uzbekistan Airports AJ ma’muriyati xabar berdi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, «qizil» va «sariq» hududlardan O‘zbekiston Respublikasiga kelishni rejalashtirayotgan yo‘lovchilar aeroportda ro‘yxatdan o‘tayotganda aviakompaniya vakiliga COVID-19 koronovirus infeksiyasi aniqlanmaganligi haqidagi PZR testining rus yoki ingliz tilidagi natijasini taqdim etishlari talab etiladi. COVID-19 koronovirus infeksiyasi uchun topshirilgan natijasi manfiy deb topilgan PZR tahlil hujjati parvozdan oldin 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda bo‘lishi lozim.
Diqqat: natijasi manfiy deb topilgan PZR test natijasi bo‘lmagan yo‘lovchi parvozga qo‘yilmaydi.
O‘zbekistonga «qizil» hudud mamlakatlaridan kirib kelgan yo‘lovchilar aeroportning uchib kelish terminalidagi pasport nazoratiga COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR tahlil natijasi manfiy deb topilgan hujjatni va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashish yuzasidan to‘ldirilgan majburiyatnomani taqdim etishlari shart. Majburiyatnoma O‘zbekiston fuqarolari uchun — doimiy yashash manzili bo‘yicha, chet el fuqarolari uchun — vaqtincha yashash manzili bo‘yicha to‘ldiriladi.
«Sariq» hudud mamlakatlaridan O‘zbekistonga kirib kelgan yo‘lovchilar aeroportning uchib kelish terminalida xizmat vazifasini o‘tayotgan pasport nazorati xodimlariga COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjatni topshirishlari talab etiladi.
COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjat yo‘lovchilarda bo‘lmasa, ular aeroport terminalining kirish qismida joylashgan namunalar oluvchi joyda o‘z hisoblaridan PZR test topshiradilar va 14 kunlik majburiy uy karantiniga joylashish yuzasidan majburiyatnomani to‘ldiradilar. So‘ng, to‘ldirilgan majburiyatnoma pasport nazorati xodimlariga topshiriladi.
«Sariq» va «yashil» hudud mamlakatlaridan «qizil» hudud mamlakatlari orqali kelgan tranzit yo‘lovchilarga kirishga ruxsat beriladi. Mamlakatga kirib kelganda yo‘lovchida COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjat bo‘lmasa, aeroport hududida yo‘lovchi o‘z hisobidan PZR tahlil tekshiruvidan o‘tkaziladi va 14 kunlik o‘zini izolyatsiya qilish yuzasidan majburiyatnomani ham to‘ldiradi.
«Qizil» xudud mamlakatlaridan «sariq» va «yashil» hudud mamlakatlari orqali kelgan tranzit yo‘lovchiga O‘zbekistonga kirishga ruxsat beriladi. Mamlakatga kirib kelganda yo‘lovchida COVID-19 koronavirus infeksiyasi uchun topshirilgan PZR test natijasi manfiy deb topilgan hujjat bo‘lmasa, aeroportning o‘zida yo‘lovchining hisobidan PZR tekshiruvidan o‘tkaziladi va 14 kunlik o‘zini izolyatsiya qilish yuzasidan majburiyatnomani to‘ldiradi.
O‘zbekistonga kirib kelgandan so‘ng, aeroportning uchib kelish terminalida yo‘lovchida isitma yoki COVID-19ning boshqa alomatlari kuzatilsa, yo‘lovchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shuningdek, PZR test natijasi musbat bo‘lsa, yo‘lovchi davolanish uchun kasalxonaga joylashtiriladi.
«Yashil» hudud mamlakatlaridan O‘zbekistonga kirib kelgan yo‘lovchilarga nisbatan karantin tartiblari qo‘llanilmaydi (kasallik alomatlari kuzatilgan yo‘lovchilar bundan mustasno).
Gazeta.uz