O‘zbekiston yangi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayot tarziga intilmoqda
«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan aholi o‘rtasida «O‘zbekiston: davlat mustaqilligining 29 yilligi» mavzusida kompleks so‘rov o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri O‘zA manbasiga asoslanib.
Tadqiqot davomida mamlakat, jamiyat va o‘zbekistonliklar hayotidagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijalari va so‘nggi yillarda yuz bergan o‘zgarishlar to‘g‘risida ishtirokchining fikr va tasavvurlari o‘rganildi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, aksariyat ishtirokchilar Mustaqillik kuni bu – o‘zbekistonliklar uchun haqiqiy vatanparvarlik hissi, Vatan uchun faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘liq bayram, mamlakat aholisining jipsligi ramzi, deb hisoblaydi.
Ularning fikricha, O‘zbekiston yuqori bosqich, yangi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayot tarziga intilmoqda, juda ko‘p sohalarda muvaffaqiyatlarga erishayotir va mamlakatdagi fuqarolik hamda milliy totuvlik sharofati o‘laroq barcha qiyinchilik va sinovlarni sharaf bilan yengib o‘tmoqda.
So‘rov ishtirokchilari O‘zbekistonda tinchlik va osoyishtalik saqlanib qolmoqda, ijtimoiy-siyosiy, millatlararo, konfessiyalararo va harbiy ixtiloflar hamda ziddiyatlar mavjud emas, deb hisoblaydi. Mamlakatda vazmin, chuqur o‘ylangan va millatlararo konstruktiv siyosat o‘tkazilayotganiga, ushbu siyosat aholi, ayniqsa, yoshlarning ongida insonparvarlik qadriyatlarining mustahkamlanishiga, jamiyatda millatlararo totuvlik, turli millatlar va elatlar o‘rtasidagi hurmat va o‘zaro yordam muhitini saqlab qolish va qo‘llab-quvvatlashga yordam berishiga ishonadi.
Telefon so‘rovining 56,5 foiz ishtirokchilari va 60,1 foiz internet foydalanuvchilarining fikricha, mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti tamoyillari amalga oshirilmoqda. Moliya va bank tizimi, iqtisodiyotni rivojlantirish hamda boshqarish tuzilmalari shakllantirildi va faoliyat ko‘rsatmoqda, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda, biznes manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlanmoqda, xorijiy kapital sarmoyalarni jalb qilish hajmlarini ko‘paytirishga va qo‘shma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga yordam beruvchi qulay investitsiyaviy muhit ta’minlanmoqda.
Ishtirokchilar fikricha, koronavirus pandemiyasi tufayli kelib chiqqan iqtisodiy tanazzul oqibatlari nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo uchun haqiqiy sinov bo‘lganiga qaramasdan O‘zbekistonda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish bo‘yicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Qurilish sohasida qator natijalarga erishildi, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlovchi agrar sektorda ushbu murakkab sharoitda muayyan o‘sish kuzatildi.
So‘nggi yillarda ijtimoiy infratuzilma, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi, davlatning yoshlarga oid siyosati maqsadli ravishda amalga oshirilmoqda.
So‘rov ishtirokchilari pandemiya davrida aholining ijtimoiy nochor qatlamlariga davlat tomonidan ko‘rsatilgan yordamni ijobiy baholaydi. Respondentlar O‘zbekistonda aholining farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida aholi hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirib, yangi imkoniyatlar ochib berayotgan “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari samarali ro‘yobga chiqarilayotganligini qayd etishdi.
63,2 foiz telefon, 67,9 foiz internet respondentlari shahar va qishloqlarning obodonlashtirilishi, yirik avtoyo‘llar, ichki yo‘llar va piyodalar yo‘lakchalarining qurilishi va ta’mirlanishini, yo‘lbo‘yi hududlarining obodonlashtirilishi va ko‘kalamzorlashtirilishini, yoritish tizimining tashkil etilishi, bolalar bog‘chalari, maktablar, tibbiyot, sport, madaniyat muassasalarining ta’mirlanishini muhim yutuq deb hisoblaydi.
Telefon so‘rovining 61,6 foiz qismi ta’lim sohasida katta ijobiy o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotganini qayd etishgan.
Telefon so‘rovida ishtirok etgan 59,9 foiz respondent va 45,1 foiz internet foydalanuvchilari “COVID-19” keng tarqalishining oldini olish, qulay sanitar-epidemiologik vaziyatni ta’minlash va aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish, koronavirusga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatish borasida sog‘liqni saqlash tizimining muvaffaqiyatini qayd etdi. Ular tibbiyot xodimlarining qahramonligini alohida ta’kidlaydi.
So‘rovda 65,6 foiz telefon va 40,9 foiz internet orqali ishtirok etgan respondentlar davlatning O‘zbekiston hamda yaqin va uzoq xorij mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, uni yanada mustahkamlash, do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini, tinchlik va barqarorlikni saqlash yo‘lidagi o‘zaro foydali muloqotni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarini yuqori baholadi.
Telefon so‘rovining 63 foiz ishtirokchilari davlat, mamlakat va jamiyat hayotining barcha sohalariga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi muhim yutuq, deb hisoblanadi. 67,1 foiz internet tarmog‘i foydalanuvchilari ham shu fikrga qo‘shiladi.
Ishtirokchilar mamlakatda yangi ish o‘rinlarini yaratish, bandlikni ta’minlash muammolarini hal qilish va fuqarolarning real daromadlarini oshirish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar qabul qilinganligini alohida qayd etdi.
Qishloq xo‘jaligida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar tufayli tarmoqda ishlab chiqarishning jadal o‘sishi boshlandi, fermerlar va dehqonlarning ichki va tashqi bozorlarda talabgir, raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishdan, kichik va o‘rta biznesni mahsulot yetishtirish, sotish va qayta ishlash tizimiga jalb qilishdan manfaatdorligi o‘sdi. Ishtirokchilarning qayd etishlaricha, so‘nggi vaqtlarda aniq maqsadli eksport siyosatining amalga oshirilishi va dunyoda organik mahsulotlar bo‘yicha O‘zbekiston brendining ilgari surilayotganligi alohida iftixor hissini baxsh etadi.
Shuningdek, so‘rovda yurtdoshlarimizning Mustaqillik ularga va oilalariga nimalar berganligi, shaxsiy, kasbiy va ma’naviy rivojlanish, moddiy farovonlikni oshirish uchun qanday imkoniyat va sharoitlarga ega bo‘lganliklari haqidagi fikrlari aniqlandi.
Jumladan, ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, mustaqil O‘zbekiston – bu fuqarolarning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, ta’lim olishi, mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishi, do‘stlar va maslakdoshlar bilan muloqotda ehtiyojlarini qondirishi, oila qurishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topish imkoniyati, oilasi, jamiyat va davlat farovonligi uchun mehnat qilishi kabi barcha hayotiy maqsadlarga erishish uchun katta imkoniyatlar mamlakatidir.
Ushbu so‘rov doirasida butun dunyo uchun haqiqiy sinov bo‘lgan koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga mamlakatimizning tayyorligi darajasi haqida ham aholining fikri aniqlandi.
Xususan, unga ko‘ra, 65,1 foiz telefon so‘rovi ishtirokchilari O‘zbekiston “COVID-19” tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatga to‘liq darajada tayyor ekanini ma’lum qilgan. Ularning fikricha, mamlakatimizga virus kirib kelgani aniqlangan zahoti juda katta faollik bilan ish ko‘rildi, shu boisdan koronavirusning tarqalishi dunyoning boshqa mamlakatlaridagi kabi keng miqyosda bo‘lmadi. Mamlakat rahbariyati o‘z vaqtida amaliy chora-tadbirlar ko‘rdi, ular tufayli mamlakatdagi sanitar-epidemiologik vaziyat nazoratga olindi, ixtisoslashtirilgan kasalxonalar va koronavirusga chalingan bemorlarga yordam ko‘rsatish uchun karantin markazlari oldindan tayyorlandi, dorilar, tibbiyot asbob-uskunalari, IVL apparatlari zaxirasi shakllantirildi, “Tez yordam” xizmatining aholiga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish bo‘yicha imkoniyatlari oshirildi, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.
Aksincha, 23,5 foiz respondentlar fikricha, mamlakatimizning koronavirus pandemiyasiga tayyorligi “to‘liqsiz darajada” edi. Xususan, boshlanishida shaxsiy himoya vositalari, tibbiyot niqoblari va dezinfeksiyalovchi vositalar yetishmovchiligi yuz berdi, tez tibbiy yordam xizmati va kasalxonalar fuqarolardan kelib tushayotgan va o‘sib borayotgan murojaatlarni qondira olmadi.
Umuman olganda, «ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «O‘zbekiston: davlat mustaqilligining 29 yilligi» mavzusida o‘tkazilgan kompleks so‘rov natijalari mamlakat prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar davlat va jamiyat, fuqarolar hayotining barcha sohalarini har tomonlama va jadal rivojlantirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi mavqei va nufuzini mustahkamlash, oilalar farovonligini oshirish, aholi turmush darajasining yaxshilanishi va kambag‘allikning kamayishiga yordam berishini tasdiqlaydi.