Mingbuloq tumanining Alami qishlogʻida xalqaro qovun sayli oʻtkaziladi
Mingbuloq tumani (sobiq Zadaryo) Namangan viloyatining eng kenja tumanlaridan boʻlib, 1952-yil tashkil etilgan.
Markaziy Fargʻonaning qoʻriq va boʻz yerlarida joylashgan Mingbuloq Toʻraqoʻrgʻon, Pop tumanlari hamda Fargʻona, Andijon viloyatari bilan chegaradosh. Markazi Jomashoʻy shaharchasidir. Tuman hududidan Sirdaryodan tashqari Qoʻqonkoʻl, Qolgandaryo, Toʻngʻizkoʻl, Tegirmonkoʻl kabi yirik koʻllar oʻtgan. Iqtisodiyotining yetakchi tarmogʻi paxtachilik, gʻallachilik, chorvachilik, bogʻdorchilik va polizchilikdir. Shu jihatdan olib qaraganda choʻlquvarlar diyori agro va ekoturizm salohiyati yuqoriligi jihatidan viloyatda alohida oʻringa ega.
Mingbuloqning yana alohida eʼtiborga molik jihati shundaki, u Fargʻona vodiysining eng chuqur nuqtasida joylashgan. Yaʼni qozonning tubi shu yerda. Andijon, Fargʻona, Namangan hamda qoʻshni Tojikistonning Soʻgʻd, Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatlaridan iborat vodiyda 12 million aholi istiqomat qiladi.
Tumanning, xususan, Alami qishlogʻining tilni yorar qovunlari azaldan mashhur boʻlgan. Uning shuhratini tiklash, bu borada mahalliy va tashqi bozorda oʻziga xos brend yaratish maqsadida kelgusida vodiyning yuqorida tilga olingan besh viloyat mirishkorlarini taklif etib, Alamida xalqaro qovun saylini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.
Hozirda “Mingbuloq eksport agro tomorqa xizmati” tomonidan Qolgandaryo massivida 100 gektar maydonda qovun yetishtirish, uni sublimatsiya usulida qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha kelgusi yildan hayotga tadbiq etilishi natijasida 200 dan ortiq ish oʻrni yaratiladi. Tayyorlangan mahsulot Yevropa davlatlari, BAA, Rossiya, Xitoy va Indoneziyaga yuborilishi, eksport hajmi esa 4,3 milliard dollarni tashkil etishi koʻzda tutilgan.