O'zbek adabiyotining ko'p tilli elektron platformasi yaratiladi
O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining saytida ma'lum qilinishicha, vazirlik huzuridagi «Filologiya, psixologiya, pedagogika fanlari» bo'yicha Ilmiy-texnik Kengashining navbatdagi ZOOM orqali onlayn majlisi bo'lib o'tdi.
Majlisda qator masalalar ko'rib chiqildi. Xususan, Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasidagi loyihalar tanlovining qayta e'lon qilingan 17-turidagi «O'zbek adabiyotining ko'p tilli (o'zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish» mavzusi bo'yicha topshirilgan amaliy loyihalar muhokamasi o'tkazildi.
Loyihalar qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ'ib qilish tizimini yanada takomillashtirishga, internet jahon axborot tarmog'ida milliy kontentni yanada rivojlantirishga, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida 2020 yildan boshlab dolzarb filologik ilmiy-texnik muammolar yechimiga bag'ishlangan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar bajarilishini amalga oshirishga qaratilgan. Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik va xalqimiz tarixiga hurmat ruhida tarbiyalash, O'zbekistonning jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo'shgan mamlakat sifatidagi xalqaro obro'-e'tiborini yanada mustahkamlash, boy yozma merosni saqlash, o'rganish va keng targ'ib qilish ishlarini yangi sifat bosqichiga ko'tarishga xizmat qiladi. Qolaversa, loyiha davomida qo'lga kiritiladigan ilmiy yutuqlar va natijalar kelgusida ushbu yo'nalishda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqot ishlari uchun asos bo'lib hisoblanadi.
«O'zbek adabiyoti»ning ko'p tilli (o'zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasi o'zbek adabiyoti namoyondalari hayoti va ijodini, o'zbek badiiy tafakkuri mahsuli bo'lmish noyob durdonalarni dunyo hamjamiyatiga tanishtirish hamda targ'ib etish uchun asos bo'ladi.
Ushbu loyiha maqsadi yurtimizda badiiy tarjima ishlarini yanada jonlantirish, bevosita o'zbek tilidan chet tillarga mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalarini tarjima qilish, o'zbek milliy adabiyoti hamda adabiyotshunoslik vakillari hayoti va samarali faoliyatini xorijiy mamlakatlarda targ'ib etish ishlarini yangi bosqichga ko'tarishdir.