Oʻzbekiston inson huquqlari boʻyicha xalqaro forum oʻtkazadi
2020-yil 12-13-avgust kunlari videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtadigan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi yoshlar huquqlarini targʻib qilishning dolzarb masalalariga bagʻishlanadi.
Forum tashkilotchisi Oʻzbekiston hukumati hisoblanib, anjumanni oʻtkazish masʼuliyati Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga yuklangan.
Ushbu forum inson huquqlari sohasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilayotgan ikkinchi xalqaro anjumandir. “Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi” deb nomlangan birinchi xalqaro anjuman 2018-yil 22-23-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan. Uning ishtirokchilari tomonidan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur deklaratsiyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2019-yil 6-fevralda BMT 73-sessiyasining hujjati sifatida tasdiqlagan.
Osiyo forumi yakunida mazkur xalqaro anjumanning muhimligi va zarurligini hisobga olgan holda, uni har ikki yilda bir marta muntazam ravishda oʻtkazib turish haqida kelishib olingan.
Bu galgi Samarqand forumining asosiy maqsadi – yoshlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirishga taalluqli mavjud xalqaro hamda mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qilishdan iborat. Munozaralar jarayonida ushbu mexanizmlarni takomillashtirish imkoniyatlari ham koʻrib chiqiladi.
Kun tartibidan, shuningdek, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari va BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha butunjahon dasturini amalga oshirishda yoshlarning roli masalasi oʻrin olgan.
Samarqand forumida BMTning Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiyasi loyihasi birinchi marta jahonning yetakchi ekspertlari muhokamasi uchun taqdim qilinadi. Ushbu konvensiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi taklifiga muvofiq tayyorlangan.
Konvensiya tom maʼnodagi yangi hujjat boʻlib, unda yoshlarning hozirgi zamonda dunyo miqyosida eʼtirof etilishi zarur boʻlgan oʻziga xos huquqlari aks ettirilgan. Bunday mazmundagi xalqaro hujjatning qabul qilinishi jahondagi barcha davlatlar tomonidan yoshlar masalalariga boʻlgan eʼtiborni tubdan kuchaytiradi. Yoshlarning alohida huquqlariga jiddiy eʼtibor qaratilishi, oʻz navbatida, navqiron avlod vakillariga manzilli koʻmak koʻrsatishda muhim omil boʻladi.
Yoshlar huquqlari boʻyicha konvensiya loyihasi muhokama uchun forumning rasmiy sayti (http://www.asianforum.uz/)da joylashtirilgan.
Samarqand forumida ishtirok etish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Islom Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Afrika Ittifoqi tizimidagi yoshlar tuzilmalari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, inson huquqlari boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar tashkilotlari vakillari, olimlar va ekspertlar, jami 300 dan ortiq kishi ixtiyor bildirgan.
Shuningdek, tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari boʻyicha agentlik, yoshlar tashkilotlari vakillarining faol ishtirok etishi kutilmoqda.
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
OʻzA