O‘zbekiston va Rossiya Markaziy banklari kompyuter xurujlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzoladi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki o‘rtasida kompyuter xurujlariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Markaziy banki maʼlumotiga ko‘ra, memorandum bank telekommunikatsiya tizimlarida kompyuter xurujlarining oldini olish va aniqlash, ularni bartaraf etish uchun sharoit yaratish va tomonlarning axborot xavfsizligi darajasini oshirishni ko‘zda tutadi.
Hujjat kompyuter xurujlariga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik bank tizimida axborot xavfsizligining tahdidi yuzasidan prognozlarni ishlab chiqish va ogohlantirish strategiyalarining samaradorligini oshirish, kompyuter xurujlarining sabablarini aniqlash, ularga munosabat bildirish va oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq boshqa vazifalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi.