O‘zbekistonga uchayotgan xorijiy mamlakat havo kemalari uchun o‘z yo‘lovchilari bo‘yicha dastlabki ma’lumotni taqdim etish tartibi belgilandi
Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti (IKAO) tomonidan belgilangan xalqaro standartlar va tavsiya etilgan amaliyotni keng joriy etish, samaradorligini oshirish va soddalashtirish maqsadida xorijiy mamlakatlar havo kemalarining barcha ekspluatantlari tomonidan yo‘lovchilar bo‘yicha dastlabki ma’lumot taqdim etilishining majburiy tartibi joriy etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Ushbu maqsadda 2020-yil 19-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari bo‘linmalariga xorijiy mamlakatlarning havo kemalari ekspluatantlari tomonidan yo‘lovchilar bo‘yicha dastlabki ma’lumot taqdim etilishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 293-sonli qarori qabul qilingan edi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 2020-yilning 1-iyul kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga parvozni amalga oshirayotgan xorijiy mamlakat havo kemalarining barcha ekspluatantlari tomonidan yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar IKAOning standart formatida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari (DXX ChQ)ga taqdim etiladi.
Yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar bilan ishlash DXX ChQ tomonidan ishlab chiqiladigan tizim bo‘yicha amalga oshiriladi. Xorijiy mamlakatlar aviatsiya ma’muriyatlari va xorijiy aviatashuvchilar DXX ChQga xalqaro tashuvchilar tomonidan yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumot majburiy ravishda taqdim etilishi tizimi amalga kiritilishi to‘g‘risida xabardor qilinadi.
O‘z navbatida, mazkur tartibning joriy etilishi xorijiy turistlarning mamlakatga kelishi, bu yerda bo‘lishi va respublika hududidan chiqib ketishida qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.