Singapur kompaniyasi O‘zbekistonga koronavirusni aniqlash uchun test tizimlarini taqdim qildi
PSR test tizimlari Singapur Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida “Temasek Foundation” va Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS) tomonidan topshirildi.
Elchixonada shu munosabat bilan tashkil qilingan marosimda “Temasek Foundation” kompaniyasi ijrochi direktori Benedikt Cheong do‘st O‘zbekistonga koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda kamtarona bo‘lsa-da, ko‘mak ko‘rsatish uning uchun katta sharaf ekanini taʼkidladi.
Singapur menejmentni rivojlantirish instituti (MDIS) prezidenti Erik Kuan o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan qatʼiy va keng qamrovli chora-tadbirlarni eʼtirof etdi. O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni o‘rnatgan tuzilma sifatida MDIS vakillari bundan mamnun ekanini qayd etdi.
PSR test tizimlarini O‘zbekistonga yetkazish yaqin kunlarda amalga oshiriladi. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi samolyotida olib kelinadigan insonparvarlik yuki Seul shahri orqali Singapurning “Indorama Corporation Pte Ltd” kompaniyasi moliyaviy ko‘magida va O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil qilinadi.
Maʼlumot o‘rnida, “Temasek Foundation” 2007-yilda tashkil etilgan va u “Temasek Holdings” Singapur davlat xayriya fondi tomonidan boshqariladigan notijorat tashkilotdir. Jamg‘armaning asosiy faoliyati Singapur va Osiyo davlatlarida oilalar turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlarni amalga oshirish, shu jumladan sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va madaniy sohalarda hamkorlikni amalga oshirishdan iborat.
2016-yil holatiga ko‘ra, tashkilot tomonidan mahalliy va mintaqaviy miqyosda turli sohalar va demografik guruhlarni qamrab olgan jamoat tashabbuslari uchun 2 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Singapur menejmentni rivojlantirish instituti esa 1956-yilda tashkil etilgan mamlakatdagi birinchi xususiy oliy o‘quv yurtidir.
Institut dunyodagi yetakchi oliy taʼlim muassasalari reytingida ishtirok etadigan Singapurning ikkita yetakchi xususiy taʼlim muassasalaridan biridir. “MDIS” 2017-yilda jadal rivojlanayotgan Singapur iqtisodiyotida muvaffaqiyatli hissa qo‘shgani uchun “Enterprise 50 Award” mukofotiga sazovor universitetlar ro‘yxatida 4-o‘rinni egallagan.