O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati Singapur ishbilarmon doiralari vakillari e'tiborini jalb qilmoqda

Singapur Hind Savdo-sanoat palatasida (SICCI) O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir davomida oziq-ovqat, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, logistika sohalarida faoliyat yuritayotgan Singapurning yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, yaratilgan qulay investitsiyaviy muhit, mavjud erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar hamda respublika eksport salohiyati bo'yicha batafsil ma'lumot berildi.
Singapurning "Franklin Templeton Asset Management" kompaniyasi rahbari Manraj Sekxon O'zbekistonda boshqarilayotgan Milliy investitsiya jamg'armasi faoliyati, yurtimizda joriy etilgan qulay investitsiya sharoitlari va biznesni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlar haqida to'xtaldi.
"O'zbekiston Prezidenti boshchiligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar Yangi O'zbekistonni xalqaro maydonda e'tirof etilishiga xizmat qilyapti. Bu davlatingiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatning qanchalik to'g'ri ekanidan dalolatdir. Fursatdan foydalanib, barcha ishtirokchilarni Markaziy Osiyoda eng jozibador bozor bo'lgan O'zbekistonda biznes qilishga chaqirman", – dedi u.
O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirgan singapurlik ishbilarmonlar o'zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.
Iqtisodiy tadbir yakunida joriy yil sentyabr oyida O'zbekistonga SICCI biznes-missiyasini yuborish va respublika hududlarida biznes-forumlar o'tkazish bo'yicha kelishib olindi.