O'zbekistonlik yosh matematiklar Singapurda o'tgan xalqaro olimpiadada 16 ta medalni qo'lga kiritdi

Singapurda "Singapore International Math Olympiad Challenge" (SIMOC-2025) xalqaro olimpiadasining final bosqichi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Ushbu nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini 45 nafar iqtidorli yoshlarimiz munosib himoya qildi. Ular milliy saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o'tib, "Mind Sports" va "Math Warriors" kabi noodatiy formatlardagi bellashuvlarda o'zlarining yuksak bilimlarini namoyon etdilar.
Quvonarlisi, final bosqichida O'zbekiston yosh matematiklari 4 ta oltin, 3 ta kumush va 9 ta bronza medalini qo'lga kiritishdi. Shuningdek, 13 nafar vakilimiz rag'batlantiruvchi diplom, 30 nafari esa olimpiadadagi faol ishtiroki uchun maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.
Olimpiada g'olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimida so'zga chiqqan "SIMOC" tashkilotchilari mamlakatimiz delegatsiyasining tayyorgarligi va ishtirokini yuqori baholab, kelgusida ushbu xalqaro olimpiadaning muayyan bosqichini O'zbekistonda o'tkazish masalasini ko'rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.