Mo‘ynoqda «Stixiya» elektron musiqa, san’at va ilm - fan festivali o‘tkaziladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq shahrida 14-15-may kunlari navbatdagi «Stixiya» elektron musiqa, san’at va ilm-fan festivali bo‘lib o‘tadi.
Bunda jahonga mashhur musiqa prodyuseri Nina Kraviz hamda Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Qirg‘izistondan kelgan turli musiqiy prodyuserlar, musiqachilar va DJlar ishtirok etishadi. Forumda O‘zbekiston va Rossiyadan kelgan olimlar, ekologlar va mutaxassislar ham qatnashadi.
Shuningdek, festivalda «6 milliard daraxt» ijtimoiy aksiyasi o‘tkazilib, jumladan, Mo‘ynoq shahrida 5 mingdan ortiq daraxt ekish nazarda tutilgan. Loyihadan ko‘zlangan maqsad mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan buta va mevali daraxtlarni Mo‘ynoq shahri va Orol dengizining pastki qismida bosqichma-bosqich ekishdan iborat.
Mazkur loyiha Turizm va sport vazirligi hamda «Akustika fakulteti» MChJ tashabbusi bilan «Rostex», «Hashar Week» korporatsiyasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyihani homiylik mablag‘lari va respublika ko‘ngillilari ishtirokida doimiy ravishda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Ma'lumot o‘rnida: «Stixiya» — 2018-yilda musiqiy tadbir sifatida boshlangan bo‘lib, hozirda musiqa, madaniyat, san’at va ilm-fanning ko‘p qirrali yo‘nalishiga aylangan. Shuningdek, «N + Stixiya» ilmiy forumi misolida qaralsa, unda inson faoliyatining bugungi va kelajakka ta’siri, ekologiya va kelajak avlod uchun tabiiy resurslarni saqlash masalalari muhokama qilinadi.
Festival haqidagi batafsil ma’lumotlarni rasmiy stihia.org web- saytidan olish mumkin, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.