Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti bitiruvchilarining xalqaro forumi ochildi
Bugun Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MDXMI) bitiruvchilari V xalqaro forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda 32 mamlakatdan kelgan nufuzli xalqaro tashkilotlar, siyosiy, ilmiy, ishbilarmon va madaniy-gumanitar doiralar vakillariishtirok etmoqda. Ular turli yillarda ushbu oliy o‘quv yurtida tahsil olgan. Shuningdek, mamlakatimiz va xorijlik taniqli ekspertlar ham forumga taklif qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro forum qatnashchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov o‘qib eshittirdi.
Tabrikda Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti o‘zining 75 yillik faoliyati davomida yuqori sifatli oliy ta’lim taqdim etayotgan markazga aylangani ta’kidlangan.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston uchun xalqaro diplomatiya, huquq, iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlarda yetuk mutaxassislar tayyorlashga MDXMI qo‘shgan hissani alohida qayd etgan. Bugungi kungacha mazkur nufuzli oliy o‘quv yurtida 400 dan ortiq o‘zbekistonlik tahsil olgan.
Bu yil sentabr oyida Toshkentda MDXMIning filiali ochiladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Prezidenta Vladimir Putinning 2018 yil oktabr oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida kelishilgan edi.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning anjuman qatnashchilariga tabrigini MDXMI rektori A.Torkunov o‘qib eshittirdi.
Unda MDXMI bitiruvchilariningV yubiley forumiToshkent shahrida muvaffaqiyatli o‘tishiga va xalqaro anjuman madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirilgan.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov,Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari Ilyos Umaxanov, Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Vladimir Medinskiy, Yevrosiyo banki direktorlar kengashi a’zosi, MDXMI Vasiylar kengashi a’zosi Fattox Shodiyev va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Aleksandr Pankin so‘zga chiqdi.
Forumning ochilish marosimi doirasida MDXMIning rivojlanish dasturi loyihasi taqdim etildi.
Anjuman sessiyalarida ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyotning dolzarb masalalari muhokama qilinmoqda. Ularda O‘zbekiston, Rossiya hamda Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlari yetakchi ekspertlari va amaliyotchilari, xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari rahbarlari, ta’lim muassasalari, ishbilarmonlik doiralari va madaniyat sohasi vakillari chiqish qilmoqda.
Eslatib o‘tamizki, 17-19 may kunlari Toshkentda Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutibitiruvchilarining V xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Anjuman qatnashchilari Samarqand shahrida bo‘lishdi, O‘zbekiston poytaxti diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ilmiy munozaralarda ishtirok etdi.
Forum doirasida MDXMI tomonidan chop etilgan so‘nggi adabiyotlar ekspozitsiyasi namoyish qilinmoqda, universitetning zamonaviy hayotini aks ettirgan ko‘rgazma tashkil etilgan.
«Dunyo» AA