Buxoro shahrida an’anaviy “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivali o‘tkaziladi
“Ipak va ziravorlar” xalqaro festivali mamlakatimiz va xorijda o‘z muxlislariga ega yirik voqealardan biriga aylanib ulgurdi.
Bu yil mazkur anjuman 25-26 may kunlari o‘tkaziladi.
Festival Buxoro viloyati turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqimizning boy moddiy-ma’naviy merosini asrab-avaylash va rivojlantirish, shuningdek, sayyohlik, hunarmandchilik va madaniy sohalardagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadlariga xizmat qiladi.
Bugun tashkilotchilar festivalni yanada jozibali va qiziqarli o‘tkazish uchun so‘nggi tayyorgarlik ishlarini amalga oshirmoqda.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimi mashhur “Labi hovuz” majmuasida tashkil etiladi.
Festival dasturidan zardo‘zlik, ipak gilamchiligi, badiiy va miniatyura san’ati, temirchilik, misgarlik va boshqa an’anaviy sohalarga ixtisoslashgan hunarmandlarning mahorat darslari, milliy va sport o‘yinlar taqdimoti, tasviriy va amaliy san’at galereyasi, o‘zbek filmlari namoyishi, folklor ansambllarining chiqishlari va boshqa qiziqarli voqealar joy olgan.
Maqom kechasi, modalar namoyishi, “Palov sayli” milliy taomlar tanlovi kabi tadbirlarni buxoroliklar va shahar mehmonlari hamisha orziqib kutadi.
“Buxoro viloyati turistik va investitsion salohiyati” mavzuidagi biznes forumida mamlakatimiz va xorijiy davlatlar tadbirkorlari o‘zaro manfaatli hamkorlik loyihalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Milliy qadriyatimiz - o‘zbek kurashi bo‘yicha musobaqa ham katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.
“Ipak va ziravorlar” xalqaro festivali “Buxoro” sport majmuasida namoyish etiladigan katta konsert dasturi bilan yakunlanadi.
“Dunyo” AA