Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib masjid
Prezidentimiz Chilonzor tumani “So‘galli ota” va “Go‘zal” ko‘chalari kesishmasida barpo etilgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yili fevral oyida bu yerda bo‘lib, mazkur majmua loyihasi bilan tanishar ekan, uni yanada takomillashtirish, bunda xalqimiz va ulamolarning takliflarini ham o‘rganish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Majmuaning qurilish va obodonlashtirish ishlariga 25 dan ortiq texnika hamda 170 nafarga yaqin malakali muhandis va ishchilar jalb qilindi. Majmuadan 2 ming kishiga mo‘ljallangan masjid, anjumanlar zali, kutubxona, maqbara, tahorat xona, muzey va boshqa yordamchi xonalar joy olgan.
Majmuada shuningdek, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Bu yerda turli manzarali daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazilgan. Favvora qurilib, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatilgan.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprel kuni Andijon viloyatida tavallud topdi. U kishi 1989 yilda, juda qiyin va murakkab davrda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘ldi. Bu davr islomiy ilmlar, diniy qadriyat va an’analar qayta tiklangan davr sifatida tariximizda alohida o‘rin tutadi.
U kishi islom olamida ma’lum va mashhur bo‘lgan “Muxtasari Viqoya”, “Kifoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’at” kabi kitoblarni o‘zbek tilida sharhlab, o‘sha murakkab yillarda ko‘pdan-ko‘p behuda ixtiloflarning oldini olishga katta hissa qo‘shgan.
Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, ko‘plab islom mamlakatlari bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga erishgan. U kishining dunyo musulmonlari o‘rtasidagi obro‘-e’tibori juda baland bo‘lgan. Bu ulug‘ vatandoshimiz Butundunyo mutafakkir ulamolari yig‘inining Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli tashkilotlar, Iordaniya qirollik akademiyasining ham a’zosi edi. U kishi Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoniga sazovor bo‘lgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, zamonaviy O‘zbekiston tarixida islomiy ilmlar bo‘yicha hech kim bu darajada yuksak mavqega ko‘tarilmagan.
Bu ulug‘ alloma turli diniy-ma’rifiy mavzularda 100 dan ziyod kitoblar yozgan. Shayx hazratlarining hikmatga to‘la so‘zlari, suhbatlari, radio va televidenie, matbuot sahifalaridagi doimiy chiqishi, ko‘plab kitoblari, jumladan, audiokitoblari orqali yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan.
– Hamma masjidlar mana shunday bo‘lishi kerak. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib masjid bo‘libdi. Mo‘min-musulmonlar butun vujudi bilan masjidga keladi, shunga yarasha sharoitlar bo‘lsa. Har bir qilayotgan mana shunday ishlarimiz, ertaga yoshlarimizning ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilsin. Bu yerga kelgan odam ma’naviy boy bo‘lib ketsin. Shayx hazratlari xalqparvar inson edi. Oddiy odamlarni yaxshi ko‘rardi. Bu kishi barcha imom-xatiblarning ustozi bo‘lgan. Kitoblarini o‘qisak, hech qachon kam bo‘lmaymiz.
Xalqimizga xos bo‘lgan ma’rifatparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat, bunyodkorlik kabi ezgu fazilatlar va qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish zarurligi ta’kidlandi.
Umar ASROROV, O‘zA