“Humo” milliy toʻlov tizimi ishga tushadi
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki birinchilardan boʻlib “MasterCard“, “UnionPay” va “UzCard” toʻlov tizimlarining kartalarini bankomat yoki terminalda xizmat koʻrsatish amaliyotini joriy qilgan edi.
Ushbu moliya muassasasidan yana bir yangilik: endi ushbu bankomatlar joriy yilning may oyidan boshlab “Humo” milliy toʻlov tizimining kartalariga xizmat koʻrsata boshlaydi.
Prezidentimizning 2018 yil 19 sentyabrdagi “Milliy toʻlov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosiga asosan “Asaka” bank tomonidan Toshkent shahar hududida jami 1 ming 550 dona “Humo” milliy toʻlov tizimiga mansub toʻlov terminali oʻrnatildi. Ayni kunda “Humo” milliy toʻlov tizimi viloyatlarda ham tatbiq etilmoqda.
Milliy matbuot markazida plastik kartochkalar orqali hisob-kitoblarni yanada rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan anjumanda shu haqda soʻz yuritildi.
“Asaka” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi raisi oʻrinbosari B.Abdullayev va boshqalar mamlakatimizda banklar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmat turlari aholi va mijozlarga keng qulayliklar yaratayotgani, hozirgi kunda plastik kartalar odamlarning asosiy toʻlov vositasiga aylanib borayotganini alohida qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, yurtimizda plastik kartalar orqali naqd pulsiz toʻlovlarni rivojlantirish yoʻlida “Asaka” bank ham salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda. Bugungi kunda respublikamizning barcha viloyatlarida “Asaka” bankning 27 filiali, 16 ta tunu kun ishlaydigan 24/7 shoxobchasi, 70 bankomat va 98 infokioskasi mijozlar xizmatida.
– “Asaka” bank tomonidan muomalaga chiqarilgan plastik kartalar soni 1,8 million donani tashkil etsa, oʻrnatilgan terminallar soni 11 mingdan oshgan, – dedi mazkur bankning kartochkalar biznesini rivojlantirish departamenti boshligʻi B.Abdurahmonov. – Mijozlarga qulaylik yaratish va masofaviy xizmatlar koʻlamini kengaytirish maqsadida moliya muassasamiz yana “Asaka mobile” mobil ilovasini ham joriy qilgan. Ushbu ilova orqali kartadan kartaga pul oʻtkazish, onlayn omonat ochish, onlayn konversiya amaliyotini oʻtkazish, kreditlarni soʻndirish, kommunal, byudjet, soliq, internet va boshqa xizmatlar boʻyicha toʻlovlarni oʻtkazish imkoniyati mavjud. “Asaka mobile” mobil ilova orqali “oilaviy kartalar”ni boshqarish yangi xizmat turi amaliyotga tatbiq etildi. Bu xizmat turi orqali mijozlar oila aʼzolariga qoʻshimcha kartalar olishi va oʻz hisob raqamidan oʻzi belgilagan limit doirasida amaliyotlar bajarishi mumkin.
Nasiba Ziyodullayeva, OʻzA