Xorazm milliy bosh kiyimlari
Qadimdan kishilar urf-odati, so‘zlashish madaniyati bilan bir-birlaridan ajralib turgan bo‘lsa, milliy kiyimlar ularning qaerdan ekanligini anglatgan.
Surxoncha liboslar jilosi, rangdorligi bilan farqlansa, qoraqalpoqcha kiyimlar odmi va och rangliligi bilan o‘zgacha bo‘lgan. Qadimdan Xorazmda oq, qora va ko‘k rangdagi kiyimlar ancha urf bo‘lib, bosh va oyoq kiyimlar ham shu ranglarga moslangan.
– Xorazmda qadimdan liboslarni did bilan kiyish alohida san’at darajasiga ko‘tarilgan, – deydi hunarmand Oybibi Hosilova. – Hozirga qadar ham 80 dan oshiq to‘n va xorazmcha yaktak, 50 ga yaqin bosh kiyim turlari saqlanib qolgan.
Xorazmda qishki mavsumda kiyiladigan bosh kiyim – telpak XX asrning 20-30 yillarigacha ancha urf bo‘lgan. Keyinchalik ixchamlasha boshlagan. Bugun ham bosh kiyimlar davrga moslashib, zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib bormoqda. Qadimda voha telpaklari qanday matodan tikilganligiga qarab qorako‘l, qunduz, tulki telpak, deya nomlangan. Hozir ular eski nomlari bilan emas, asosan ranglari, shakliga ko‘ra turlicha ataladi. Narxi ham mato va tiniq rangiga qarab belgilanadi.
Hududda qishki bosh kiyimlaridan biri – quloqni yopib turuvchi quloqchin ham ancha mashhur. Quloqchin asosida cho‘lda kiyiladigan ikki yonida oftobdan saqlovchi maxsus matoli bosh kiyimlar yaratilgan.
Chugurma esa xorazmliklarning ancha mashhur milliy bosh kiyimlaridan. U cho‘qqi shaklida bo‘lib, ichiga paxta solinadi va maxsus ishlov beriladi. Asosan qo‘y va qorako‘l terisidan tikiladi, so‘ng jo‘nlariga did bilan bezak beriladi.
–Chugurmachilik qadim tarixga borib taqaladi, – deydi hunarmand Bahodir Bekniyozov. –Bugun O‘rta Osiyo, Ozarbayjon va Eronda Xorazm chugurmachilik markazi asosida shakllangan hunarmandchilik taraqqiy etib kelmoqda.
Qishda issiq, yozda salqin bo‘lgan chugurma yaratilgandan buyon kishini hayratga soladi. Bugun Xorazmda dunyo sayyohlari har doimgidan gavjum. Savdo rastalarida yuzlab chugurma sotiladi. Mehmonlar imkon qadar uylariga chugurma olib ketishadi va, albatta, Xorazmdan esdalik sifatida uni kiyib suratga tushishadi.
Dilobar MAMATOVA, O‘zA