O‘zbekistonda 2021 yil davlat organlari hamda hududlar uchun korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi
O‘zbekistonda 2021 yildan boshlab hududlar va davlat organlari rahbarlarining korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiy javobgarligini baholash reyting natijalari eʼlon qilib boriladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga Axborot xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda davlat organlari, korxonalar va hududlar uchun korrupsiya, yashirin iqtisodiyot reytingini hisoblash metodologiyasi ishlab chiqildi.
Reyting mamlakatda korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni obyektiv baholash maqsadida yuritilmoqda.
2021 yildan boshlab barcha rahbarlarning shaxsiy javobgarligi asosida baholash reyting natijalarini har yili eʼlon qilish yo‘lga qo‘yiladi.
Reyting doirasida, xususan, respublikaning barcha hududlarda aholi, tadbirkorlar va davlat xizmatchilari o‘rtasida anonim so‘rov o‘tkaziladi.
Markaz eksperti Baxtishod Hamidov ishlab chiqilgan reytingning dolzarbligi va metodologiyasini quyidagicha izohladi:
— O‘zbekiston uchun shu paytgacha korrupsiya muammolarini aniqlash bo‘yicha ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazildi. Biroq ushbu baholar, asosan, respublika darajasida taqdim etiladi. Sektorlar yoki hududlar kesimida o‘tkazilgan baholashlar bir martalik bo‘lib, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini bermaydi.
Islohotlar jarayoni ayrim sektorlarda va hududlarda korrupsiya darajasini aniqlashni talab qiladi, chunki korrupsiya ko‘rilayotgan choralar samarasizligining asosiy omili hisoblanadi. Shuning uchun, keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishdan oldin, quyidagi muhim savolga javob topish kerak: sektor/hudud kesimida korrupsiya muammosi qanchalik jiddiy?
Jahon amaliyotida ushbu savolga aniqroq javob olish uchun korrupsiya darajasini baholashning ko‘plab usullari qo‘llaniladi. Ko‘p usullar korrupsiya muammosining yopiqligi va murakkabligi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, turli xil o‘lchov usullaridan foydalanish yana-da keng ko‘lamli natijalarga erishish imkonini beradi, chunki qamrovning kengligi muammolarni har tomonlama o‘rganishga yordam beradi.
Shu bilan birga, usullarning samarali kombinatsiyasi aniq sektorlarda va hududlarda islohotlar jarayonini to‘g‘ri shakllantirish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashga yordam beradi.
— Bugungi kunda mamlakatda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot darajasini kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda, - deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi O‘tkir Nomozboyev. — Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash qoidalari qisqartirildi. Buning natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushdi.
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni yaqin 5 yilda 2 barobarga qisqartirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Buning uchun, albatta, aniq chora-tadbirlar zarur. Ana shunday mexanizmlardan biri bu — rahbar kadrlarning korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha shaxsiy masʼliyatini oshirish hisoblanadi.