Yevropa komissiyasi O‘zbekistonga “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini berish to‘g‘risida muddatidan oldin qaror qabul qildi
Yevropa komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi benefitsiar mamlakati maqomini olish uchun yuborilgan ariza bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qildi, xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, tegishli hujjat YEI Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen tomonidan imzolandi.
Qaror Yevropa komissiyasi monitoring guruhlarining O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish, mehnat standartlariga rioya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va samarali boshqaruv sohasidagi 27 xalqaro konvensiya talablarini bajarayotgani to‘g‘risidagi hisobоtlari asosida qabul qilindi. O‘tkazilgan tahlillarga asoslanib, Yevropa komissiyasi Respublikamiz “GSP+”da ishtirok etish mezonlariga muvofiq kelishi to‘g‘risidagi xulosaga keldi va uni ushbu tizimning benefitsiarlari ro‘yxatiga kiritishni taklif qildi.
Belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, mazkur qaror endi ko‘rib chiqish va tasdiqlash uchun Yevropa Kengashi va Yevropa parlamentiga havola etiladi. Qaror tasdiqlangandan so‘ng O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari o‘z mahsulotlarini Yevropa bozoriga eksport qilishda bir tomonlama tarif imtiyozlaridan foydalanishni boshlashi mumkin bo‘ladi. Shunda, O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari YEI mamlakatlariga eksport qilishi mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalarining soni 6 ming 200 gacha oshadi.
Mamlakatimiz tomonidan “GSP+” benefitsiari maqomini olish eksportning barqaror o‘sishi va diversifikatsiyasi uchun mustahkam poydevor yaratadi. Bu, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli savdo munosabatlarining tez surʼatlar bilan rivojlanishiga xizmat qiladi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yakuniy qaror qabul qilinishini tezlashtirish maqsadida muhokamalarda qatnashish va savollarga tezda javob berish uchun YEIga aʼzo mamlakatlar bilan hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.