Sudyalarni tanlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi xalqaro “davra suhbati”da taqdim etildi
Sudya kadrlarni tanlashda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash borasida xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida onlayn “davra suhbati” bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Oliy sudi xabariga ko‘ra, BMT, Yevropa Kengashi, Jahon banki hamda Qozog‘iston Respublikasi Sudyalar kengashi vakillari ishtirok etgan tadbirda xorijiy davlatlar tajribalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov sudya kadrlarni tayyorlash, nomzodlarni sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi haqida maʼlumot berdi.
Jumladan, sudyalikka nomzodlarni imtihondan o‘tkazish jarayoni Internet tarmog‘i orqali onlayn tarzda ko‘rsatilmoqda. Nomzodlar tomonidan imtihon biletlarini tanlab olishda inson omili to‘liq bartaraf etilgan hamda imtihon jarayonini barcha nomzodlar tomonidan bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Kelgusida nomzodlarni tanlashda elektron psixologik test hamda sudyalarning kasb faoliyatini baholashda shaffof elektron reyting tizimini joriy qilish borasida izlanishlar olib borilmoqda.
Tadbir davomida sudyalarni tanlashda shaffof tizim yaratilgani malakali kadrlarni tanlab olishda muhim ekani taʼkidlandi.