O‘zbekiston va BAA quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirmoqda
O‘zbekiston o‘n yil davomida umumiy quvvati 5000 MVt bo‘lgan fotoelektrik (quyosh) elektr stansiyalarini (QES) qurishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Muzaffar Komilov.
Shu maqsadda Energetika vazirligi tomonidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan bajariladigan bunday loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun sarmoyadorlarni tender asosida tanlab olish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
2021 yil oxiriga qadar O‘zbekistonda har biri 100 MVt quvvatga ega ikkita QESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Mazkur yo‘nalishda vazirlik Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) ishtirokida davlat-xususiy sheriklik dasturi asosida quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha «Scaling solar» loyihasi ustida ish olib bormoqda. XMK quyosh energiyasi sohasidagi loyihalarni tanlash va tender o‘tkazishda yordam berish bo‘yicha yetakchi maslahatchi tashkilot sifatida jalb etilgan.
2019 yil XMK ko‘magida O‘zbekistonda xalqaro tender tanlovlarning birinchi bosqichi tashkil etilib, uning natijalari 4 oktyabr kuni eʼlon qilingan. Tender Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatli birinchi QES qurish maqsadida o‘tkazilgan.
- Xalqaro tanlovning dastlabki bosqichida Hindiston, Ispaniya, Xitoy, Norvegiya, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Janubiy Koreya va Yaponiyadan 23 ta kompaniya ishtirok etdi, shulardan 11 ta kompaniya dastlabki saralash tanlovidan o‘tdi, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligining Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida generatsiyani rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Abdullajon Otaboyev. - Tijorat takliflari «Acwa Power» (Saudiya Arabistoni), «Jinko Power» va «Aljoimah Energy & Water Consortium» (XXR/ Saudiya Arabistoni), “Masdar” (BAA), «TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd» (XXR) va «Total Eren» (Fransiya) kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan edi.
Tender komissiyasi ishtirokchilarning texnik va tijorat takliflarini o‘rganish va baholash natijalariga ko‘ra, BAAning “Masdar” kompaniyasini tanlovning birinchi bosqichi g‘olibi deb eʼlon qildi. Mazkur kompaniya tarif bo‘yicha 1 kVt/soat ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 2,679 AQSH sentiga baholagan.
Mazkur loyihani moliyalashtirish Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 5,1 million dollargacha miqdordagi kafolati hamda XMKning 41 million dollargacha miqdorlagi zaym mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. Loyiha, shuningdek, Jahon bankining O‘zbekistondagi birinchi kafolatli operatsiyasi bo‘ladi.
“Masdar” - Abu-Dabi hukumatining «Mubadala Investment Company» kompaniyasining shoʻba korxonasi hisoblanadi. U qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi xalqaro kompaniyalardan biridir.
Kompaniya tomonidan amalga oshirilgan investitsiyaviy loyihalar portfeli 4000 MVtdan ortiq hajmda qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan quvvatlarni o‘z ichiga olgan.
Shuningdek, “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish va undan foydalanish loyihasini amalga oshiradi.
Yangi obyektni qurish ishlarini 2021 yil oxirigacha boshlash ko‘zda tutilgan. 2023 yil aprel oyida ishlab chiqarish quvvatlarining birinchi bosqichi (250 MVtgacha) va 2024 yil oxiriga qadar barcha quvvatlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.