Toshkent transport infratuzilmasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid konsepsiya taqdimoti bilan tanishdi.
Poytaxtimizda aholi ham, transport vositalari ham ko‘payib bormoqda. Oxirgi 10 yilda shaharda avtomobillar soni 250 mingtadan 510 mingtaga, ya’ni 2 baravar oshgan.
Shunga mos ravishda transport infratuzilmasi ham rivojlantirilmoqda. Yangi yo‘llar, ko‘priklar, yerusti metrosi qurilmoqda.
Xususan, joriy yilda Toshkent metropolitenining “Yunusobod” yo‘nalishida 2 ta stansiya hamda yerusti xalqa yo‘lining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Jamoat transportida 56 ta yo‘nalish maqbullashtirildi. Bular natijasida 170 ming aholining transport xizmati yaxshilandi, ularning transportga ketadigan vaqti o‘rtacha 15-20 minutga qisqardi.
Lekin poytaxtimiz ko‘chalarida yuklama ko‘p, yo‘l harakatini tartibga solishda kamchiliklar yetarli. Transport vositalari tirbandligi yildan-yilga ortib borayotir.
Shu bois davlatimiz rahbari Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Poytaxtimiz ko‘chalaridagi muammolar kompleks o‘rganib chiqildi. Geoinformatsion tizim orqali transport va yo‘lovchilar oqimi tadqiq qilindi.
bugungi taqdimotda ana shu tahlillar natijalari haqida axborot berildi.
Toshkent shahrida 500 dan ziyod katta chorrahalar mavjud bo‘lib, ularning 200 tasida transport vositalarini tezkor o‘tkazish darajasi past. Avtomobil to‘xtash joylari yetishmasligi sababli yo‘lning birinchi qatorida mashinalar yig‘ilib, qatnovga xalaqit bermoqda. Haydovchilar uchun ma’lumot belgilari ham yetishmaydi. Piyodalar va velosipedlar harakati uchun qulaylik kam.
Shu kabi kompleks tahlillar asosida Toshkent shahrida yo‘l infratuzilmasi va jamoat transporti tizimini takomillashtirish bo‘yicha bosh rejaning dastlabki loyihasi ishlab chiqildi.
Xususan, poytaxtdagi 24 ta yirik chorrahaning harakatlanish tartibini optimallashtirish, bu orqali o‘rtacha to‘xtashlar sonini 71 foiz va vaqtini 48 foiz, tirbandlikni 64 foiz, yoqilg‘i sarfini 34 foizga kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan.
Toshkent shahrida jamoat transportini yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlatimiz rahbari yo‘lovchi tashish xizmatlaridan aholi mutlaqo norozi ekanini ta’kidladi. Masalan, 79 ta yo‘nalishdagi avtobuslar intervali tig‘iz paytlarda 30 minutgacha kechikmoqda. Oqibatda odamlar boshqa transport vositalaridan foydalanishni afzal bilmoqda. bugungi kunda shahar jamoat transportida bor-yo‘g‘i 33 foiz yo‘lovchi yurmoqda. Rivojlangan mamlakatlar poytaxtida bu ko‘rsatkich 60-70 foizni tashkil etadi.
Shu bois mavjud infratuzilmani yaxshilab, jamoat transporti harakatining tezligi va aholi uchun qulayligini ta’minlash vazifa qilib qo‘yildi.
Davlat rahbari jamoat transporti tizimida yangi boshqaruv uslubini joriy etish, metropoliten, avtosaroylar va yo‘nalishli taksi korxonalarini bir-biriga bog‘lash, axborot texnologiyalari asosida ularning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash kerakligini ta’kidladi.
Buning uchun metropolitenni boshqarish hamda “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatining buyurtmachi va nazorat funksiyalari shahar transport boshqarmasiga o‘tkaziladi. Moliyalashtirish ham boshqarma tomonidan amalga oshirilib, transport korxonalariga haqiqiy bajarilgan ish hajmi, bosib o‘tilgan masofaga qarab mablag‘ ajratiladi.
Mutasaddilarga Toshkent shahar jamoat transportini yagona tizim asosida tartibga solish, moliyalashtirish va tabaqalashgan tariflarni belgilash bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.
Tirbandlik kuzatilayotgan ko‘p qatorli yo‘llarning bir qismini jamoat transporti uchun ajratish, markaziy ko‘chalarda parkomatlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan birga, piyodalar va velosipedlar yo‘lakchalarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.
“Toshshahartransxizmat” jamiyatini to‘liq transformatsiya qilish, Transport universiteti faoliyatini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jamoat transporti tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Toshkentdagi tajriba asosida boshqa shaharlarda ham yo‘l-transport tizimini qayta ko‘rib chiqib, markaziy ko‘chalarni namunaviy tarzda o‘zgartirish, xususan, Samarqandda jamoat transportini optimallashtirish, aholi va turistlar uchun qulay sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.