Korxonalarda xalqaro standartlar manzilli joriy qilinadi
Mahsulotlar sifati va raqobatdoshligini oshirish uchun milliy standartlarni jahon talablariga moslashtirish hamda korxonalarga joriy qilish juda muhim hisoblanadi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda standartlarning 43 foizi xalqaro meʼyorlar bilan uygʻunlashtirilib, ularning soni 12 mingtaga yetkazildi. Bunday ishlar natijasida eksport imkoniyatlari kengaymoqda.
Misol uchun, 21 ta korxonada toʻqimachilik va trikotaj tovarlariga Yevropaning “OEKO-Tex” va “Sedex” standartlari joriy qilindi. Jumladan, Andijondagi “Samo Textile” Yevropa bozorlariga 5 million dollarlik mahsulot bilan chiqdi. Buxorodagi “Bukhara Cotton Textile” MCHJ ham AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya va Turkiyaga 5 million dollarlik eksport qildi.
Shuningdek, maishiy texnika, kabel, tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda 17 turdagi mahsulot xavfsizligini tasdiqlovchi mashhur “CE” markirovkasi joriy etilgani natijasida Yevropaning 8 ta davlatiga eksport boshlandi.
Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Yil oxirigacha oziq-ovqat, metallurgiya, yengil sanoat boʻyicha 14 ta laboratoriya modernizatsiyasi yakunlanadi.
Yigʻilishda shu paytgacha bajarilgan ishlar natijadorligi tahlil qilinib, galdagi muhim masalalar koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari “Oʻzstandart” agentligini milliy organ maqomiga olib chiqish, korxonalarda yangi standartlarni manzilli joriy qilish asosiy vazifa ekanini taʼkidladi.
– Milliy standart “ovozi jaranglashi”ga erishishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Kelgusi yil yakuniga qadar xalqaro standartlar sonini 14 mingtaga, uygʻunlik darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi belgilandi.
Mutasaddi vazirlik va uyushmalarga toʻqimachilik korxonalarida “OEKO-Tex” meʼyori, elektr texnikasi tarmogʻida “SE” markirovkasi hamda qishloq xoʻjaligida “Global G.A.P.” va “Organic” tizimlarini qoʻllashni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Xalqaro standartlarni tatbiq qilayotgan korxonalarga koʻmaklashib, bunga ketadigan xarajatning bir qismini Eksportni qoʻllab-quvvatlash agentligi tomonidan qoplab berish muhimligi taʼkidlandi.
– Agar mahsulot xalqaro sertifikatga ega boʻlmasa, u hech qachon raqobatbardosh boʻla olmaydi. Mamlakatda har bir tadbirkor standartni bilishi, tanishi kerak, shunday muhit yaratish zarur, – deya taʼkidladi Prezident.
“Oʻzstandart” agentligiga avtomobil komponentlari, kimyo, oziq-ovqat, qurilish materiallari tarmoqlarida xalqaro standartlarni joriy etish boʻyicha 2021-yilga moʻljallangan “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish topshirildi.
Dunyoda zavod va fabrikalar oʻz mahsulotlarini bozor talablari asosida takomillashtirib boradi. Shu tajribadan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar imkoniyatini cheklayotgan meʼyorlarni ixtiyoriyga oʻtkazish kerakligi qayd etildi.
5 mingdan ziyod eski standartlarni bekor qilish, mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash texnik reglamentlarini Yevropa va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi talablariga moslashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shu bilan birga, sifatsiz import tovarlar kirib kelishining oldini olish maqsadida xavfsizlik talablari soni va qamrovi oshiriladi.
Yigʻilishda Prezident “Oʻzstandart” agentligining xalqaro standartlash va metrologiya tashkilotlaridagi ishtirokini faollashtirish muhimligini taʼkidladi.
Mazkur agentlikka Yevropa iqtisodiy komissiyasi texnik qoʻmitasi bilan quritilgan mevalar boʻyicha kelishuvga erishish, kelgusi yilda Xalqaro akkreditatsiya forumiga toʻlaqonli aʼzo boʻlish vazifasi qoʻyildi.
Sohaga doir ilm-fan va taʼlimni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Kelgusi yildan Toshkent davlat texnika universiteti bilan energiya samaradorligi, Kimyo-texnologiya instituti bilan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari genetikasi, Toʻqimachilik instituti bilan sintetik tolalar, Ilgʻor texnologiyalar markazi bilan hamkorlikda biologik faol qoʻshimchalar yoʻnalishida ilmiy tadqiqotlar olib borish muhimligi aytildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston milliy metrologiya institutida qurilish materiallari, suv tejovchi hamda axborot texnologiyalari boʻyicha kafedralar tashkil etilishi belgilandi. Innovatsion rivojlanish vaziriligi ilmiy ishlanmalarga grantlar ajratadi.
Yigʻilishda “Oʻzstandart” agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar yuzasidan taqdimot oʻtkazildi.