Globus Relief xayriya tashkiloti O‘zbekistonga gumanitar yordam ko‘rsatdi
Globus Relief xayriya tashkiloti (AQSH) O‘zbekistonga koronavirusga kurashishga ko‘maklashish maqsadida 800 ming dollarlik tibbiy preparatlar va mahsulotlarni yetkazib berdi. Gumanitar yordam chekka hududlardagi tibbiyot muassasalariga yuboriladi.
AQSHning Globus Relief xayriya tashkiloti koronavirusga qarshi kurashda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun O‘zbekistonga 808 ming dollar qiymatidagi gumanitar yordam taqdim etdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.
Yordam tarkibiga tibbiy preparatlar va 2000 dan ortiq turdagi mahsulotlar, shu jumladan o‘pkani havo bilan ta’minlash uchun vositalar to‘plami, diagnostika vositalari, sterilizatsiya konteynerlari, antiseptiklar, nogironlar uchun aravachalar, ortopedik va jarrohlik asboblari kiritilgan.
Taqdim etilgan tibbiy vositalar O‘zbekistonning chekka hududlaridagi davlat tibbiyot muassasalariga topshiriladi.
O‘zbekistonga umumiy qiymati 1,8 mln dollarni tashkil qiluvchi gumanitar yordam ko‘rsatish to‘g‘risida kelishuvga elchi Javlon Vahobov va AQSHning bir qator xayriya tashkilotlari vakillari o‘rtasidagi uchrashuvda erishilgan.
Gazeta.uz