Prezident: Raqamli iqtisodiyotsiz mamlakat iqtisodiyotining kelajagi yoʻq
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22-sentyabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Butun dunyoda raqamli texnologiyalar barcha soha va odamlar hayotiga jadal kirib bormoqda. Bu yoʻnalishga oʻz vaqtida kirishgan davlatlar rivojlanib, aksincha, eskicha ishlaganlar taraqqiyotdan orqada qolyapti.
2020-yil mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinib, bu borada katta ishlar boshlandi. Xususan, 28-aprelda davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Bugungi videoselektor yigʻilishida shu borada amalga oshirilayotgan ishlar, joriy yil yakuni va 2021-yil birinchi choragiga moʻljallangan loyihalar muhokama etildi.
– Tarmoq va hudud rahbarlari raqamlashtirishsiz natija, rivojlanish boʻlmasligini tushunib yetishi shart. Barcha darajadagi rahbarlar buni oʻziga kundalik vazifa sifatida belgilab, raqamlashtirish sohasini alifbosidan boshlab chuqur oʻrganishi kerak, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yil yakuni boʻyicha har bir tarmoq va hudud rahbari raqamli iqtisodiyot sohasida keskin oʻzgarish qilishi zarurligi aytildi. Prezident bu yangilanishlarni odamlar oʻz hayotida, byurokratiya va korrupsiya kamaygani misolida, davlat xizmatlarini koʻrsatish tezlashganida sezishi lozimligini taʼkidladi.
Tuman va shahar hokimlari bir oyda 2-3 kun faqat raqamlashtirish bilan shaxsan shugʻullanishi belgilandi. Ularning faoliyatiga hududda raqamlashtirish qay darajada yoʻlga qoʻyilganiga qarab baho beriladi. Bu sohada yaxshi natija koʻrsatgan rahbarlarga 30 foizgacha ustama joriy qilinadi.
Davlatimiz rahbari har doim avvalo aholi eng koʻp toʻqnash kelayotgan sohalarni raqamlashtirish, odamlarning ogʻirini yengil qilish zarurligini taʼkidlaydi. Shu talabdan kelib chiqib, ishchi guruhlar tomonidan 530 ta hududiy va 280 ta tarmoq loyihasi tayyorlangan.
Xususan, joriy yil yakunigacha 14 va kelgusi yil birinchi choragida yana 14 tumanda odamlar eng koʻp murojaat qiladigan sogʻliqni saqlash, kadastr, ijtimoiy himoya, qishloq xoʻjaligi, taʼlim yoʻnalishlarini raqamlashtirish boʻyicha 239 ta loyiha amalga oshiriladi.
Masalan, “Elektron poliklinika” tizimini joriy qilish orqali qogʻoz hujjatlar 40 foizga, navbat kutish 60 foizga qisqaradi. Buning uchun markaziy shifoxona va poliklinikalarni toʻliq raqamlashtirish lozim.
Bugungi kunda Toshkent shahrida elektron tibbiyot kartasi, elektron shifoxona hamda shoshilinch tibbiy yordam tizimlari joriy etilmoqda. Ushbu dasturlar kelgusi yili Andijon, Namangan, Fargʻona, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida yoʻlga qoʻyilishi aytildi. Shuningdek, “elektron kundalik”, “elektron darslik”, “oʻqituvchilarni baholash” tizimlarini barcha hududlarda joriy etish zarurligi taʼkidlandi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joriy yilda belgilangan 14 tumanda ijtimoiy muassasalarni toʻliq raqamlashtirib, qolgan hududlar uchun namuna qilish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Raqamlashtirish iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkorlik va samaradorlikni taʼminlaydi. Masalan, Toyloq va Oqdaryo tumanlaridagi shagʻal kavlab olish karyerida mashinalarning yuk hajmini nazorat qilish tizimi yoʻlga qoʻyilgani natijasida oylik tushum 3 milliard soʻmdan 8 milliard soʻmga oshgan.
Davlat soliq qoʻmitasiga noruda karyerlardan foydalanishda “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish, buning uchun yer qaʼri kavlanishi, yuk hajmi va mashinalar harakatini nazorat qiluvchi elektron tizimlarni ishga tushirish vazifasi yuklatildi.
Yigʻilishda sanoat tarmoqlarida amalga oshiriladigan loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi.
– Raqamli iqtisodiyotsiz mamlakat iqtisodiyotining kelajagi yoʻq, – deya taʼkidladi Prezident.
Kelgusi uch yilda neft, gaz va energetika sohasida 18 ta, metallurgiya boʻyicha 12 ta, avtosanoat tizimida 9 ta, kimyo sanoatida 8 ta, togʻ-kon geologiya tarmogʻida 4 ta raqamlashtirish loyihasi rejalashtirilgan.
Misol uchun, Muborak va Shoʻrtan neft-gaz korxonalarida avtomatlashgan dispetcherlik xizmati joriy etilgani tufayli yiliga 50 million kub metr gaz va 650 ming kilovatt-soat elektr energiyasini iqtisod qilishga zamin yaratildi. Asakadagi avtomobil zavodida logistika, xaridlar, xomashyo va butlovchi qismlar harakatini raqamlashtirish orqali 41 million dollar tejash mumkin. Olmaliq togʻ-kon metallurgiya kombinatidagi “Yoshlik-1” va “Qolmoqqir” konlarida transport kompleksi avtomatlashgan boshqaruv tizimini joriy qilish ham shunday samarali loyihalardan. Bu orqali yiliga 28 milliard soʻmlik mablagʻ tejaladi.
Prezident barcha loyihalarga masʼullarni belgilab, ularni muddatida, sifatli bajarish, xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlarini yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Bosh vazir va uning oʻrinbosarlariga oʻn kun muddatda oʻzlari masʼul boʻlgan soha va tarmoqlarni raqamlashtirish boʻyicha joriy va kelgusi yil uchun rejalar ishlab chiqish yuklatildi.
Raqamli iqtisodiyotni joriy etish va unumli ishlatish, albatta, mutaxassislarga bogʻliq. Shu bois kadrlar tayyorlashga har tomonlama ahamiyat berilmoqda. Oʻtgan yili Toshkent shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari parki bunyod etilgan edi. Andijon va Margʻilon shaharlarida uning filiallari ochildi. Poytaxtimizda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabi hududida yana bir filial binosi qurilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda axborot texnologiyalarini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 205 ta maktab tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Xalq taʼlimi vaziriligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joriy yilda 14 ta, kelgusi yilda 82 ta ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va IT-parklarda axborot texnologiyalari oʻqituvchilarini tayyorlash hamda ularni sertifikatlashning milliy tizimini joriy qilish muhimligi qayd etildi. Malaka sertifikati olgan oʻqituvchilarga har oyda qoʻshimcha 50 foiz ustama toʻlanadi. Shuningdek, oʻquvchisi “Bir million dasturchi” kursini muvaffaqiyatli yakunlagan maktab oʻqituvchilarini mukofotlash yoʻlga qoʻyiladi.
– Bugun koʻrib chiqilayotgan masala rivojlanish va xalqimiz hayotini yaxshilash borasidagi ishlarimizning eng katta zamini, – dedi Prezident. – Buni barcha hudud va tarmoq rahbarlari tushunib, dunyoqarashini oʻzgartirib, aytilgan vazifalar ijrosiga qattiq kirishishlari kerak.
Bosh vazirga muhokama qilingan chora-tadbirlar ijrosini sohalar va hududlar kesimida nazorat qilish topshirildi.
Videoselektor yigʻilishida hokimlar raqamlashtirish loyihalaridan xalqimizga qanday yengilliklar boʻlishi borasida axborot berdi.