O‘zbekiston bank sektori vakillari Rossiya Banki moliyaviy xabarlar yetkazish tizimiga ulanadi
Rossiya Federatsiyasi "VEB.RF" Davlat taraqqiyot korporatsiyasi raisi I.I.Shuvalov boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi davomida O‘zbekiston Milliy banki bilan VEB.RF o‘rtasida O‘zbekiston Milliy bankini Rossiya Banki Moliyaviy xabarlar yetkazish tizimiga (SPFS) ulash bo‘yicha kelishuv imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri O‘zA manbasiga asoslanib.
SPFS moliyaviy amaliyotlar bo‘yicha elektron xabarlar yetkazuvchi maxsus kanalni (xalqaro bank tizimida ma’lum bo‘lgan SWIFT tizimining analogi) o‘zida aks ettiradi va Rossiya banklari va tizimga ulangan boshqa xorijiy muxbir-banklar bilan xalqaro to‘lovlar bo‘yicha kerakli ishlarni kafolatlaydi.
O‘zbekiston Milliy banki SPFS ga ulanishining afzalligi banklararo amaliyotlar bo‘yicha ma’lumotlarni yetkazishning yuqori darajali tezligi, moliyaviy tranzaksiyalar himoyasi, o‘zaro hisob-kitoblar va axborot almashishda moslashuvchanlik va tezkorlikni ta’minlaydigan, xalqaro standartlarga javob beradigan kanalga ega bo‘lishdir.
Shu bilan birga tizim mijozlarga xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish, innovatsion asosda hisob-to‘lov jarayonlarini modernizatsiyalash, banklararo kommunikatsiyalar bo‘yicha kamchiliklarni kamaytirish va xorij moliya institutlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini diversifikatsiyalash imkonini beradi.
VEB.RF O‘zbekiston Milliy bankining O‘zbekiston Respublikasiga Rossiyaning yuqori texnologiyali uskunalarini yetkazib berishni moliyalashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan qator investitsion loyihalarni amalga oshirish doirasida strategik sherigi hisoblanadi.
Ma’lumot: Hamkorlik doirasida bugungi kunda umumiy qiymati 188 million yevroga teng bo‘lgan 4 kredit shartnomalari tuzilgan va gidroenergetika, issiqlik energetikasi va transport sohasidagi loyihalar moliyalashtirilmoqda.
VEB.RF – davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatini amalga oshiruvchi maxsus moliya institutidir.Uning asosiy vazifasi - infratuzilma, sanoat, ijtimoiy sohani rivojlantirish,texnologik salohiyatni mustahkamlashdan iboratdir. VEB.RF SPFSga chet ellik sheriklarning ulanishi masalalarini hal qilishga yordam berish uchun Rossiya Banki tomonidan vakolat berilgan.