O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning 2020-yil 12-sentyabr kuni Doha shahrida afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlash marosimidagi nutqi
Hurmatli afg‘onistonlik do‘stlar!
Marosim qatnashchilari!
Xonimlar va janoblar!
Ushbu tarixiy tadbirda ishtirok etishga taklif uchun samimiy minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.
Afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarning boshlanishi Afg‘oniston zaminida uzoq kutilgan tinchlik va barqarorlik uzil-kesil o‘rnatilishiga xizmat qilishiga ishonaman.
1. O‘zbekiston Afg‘onistonni azaliy do‘stlik rishtalari, umumiy tarix, din, urf-odatlar va an’analar bog‘lab turgan yaqin va qardosh mamlakat, deb hisoblaydi.
Biz Afg‘onistonda barqaror tinchlik o‘rnatilishi – bu butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun barqarorlik va farovonlik garovidir, degan nuqtai nazar tarafdorimiz.
2. Shubhasiz, inklyuziv tinchlik muzokaralarini barcha manfaatdor tomonlarning mashaqqatli mehnatisiz, muayyan murosa va o‘zaro kelishuvga erishmasdan boshlab bo‘lmas edi.
Shu sababli, O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib Qatar poytaxti Dohada afg‘onlararo muzokaralarning dastlabki bosqichini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni olqishladi.
Doha muzokaralari Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish umumiy jarayonining boshlanishidagi asosiy bosqich bo‘ladi, deb ishonamiz.
Biz, shuningdek, mamlakatda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha siyosiy jarayon faqat afg‘onlarning o‘zi va Afg‘oniston xalqi boshchiligida amalga oshirilishi lozim, degan asosiy tamoyilga rioya qilish zaruratiga qat’iy ishonamiz.
3. Biz tinch Afg‘oniston umumiy mintaqamiz izchil taraqqiyoti, xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda barcha qo‘shni mamlakatlar uchun teng huquqli sherik bo‘lishidan manfaatdormiz.
Hurmatli do‘stlar!
Shubhasiz, Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro anjumani afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarni boshlash uchun xalqaro sa’y-harakatlarni safarbar qilishga xizmat qildi.
O‘zbekiston afg‘onlararo tinchlik muzokaralari bosqichlaridan birini go‘zal Samarqand shahrida tashkil etishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqlayman.
Fursatdan foydalanib, biz Qatar hukumatiga Dohada afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashdagi ulkan sa’y-harakatlari uchun samimiy minnatdorligimizni izhor etamiz.
Afg‘onistonlik do‘stlarimizga ezgu maqsadga erishishda muvaffaqiyatlar tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat!