Sudyalar oliy kengashida raqamlashtirish jarayoni boshlandi
Davlat va jamiyat hayotida adolatni qaror toptirishda sud organlari faoliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham sud tizimini bugungi zamon talablari darajasida takomillashtirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-yil 3-sentyabrda imzolangan“Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror sohadagi tizimli islohotlar tadrijiylik asosida davom etayotganining hayotiy ifodasi boʻldi.
Sudlar faoliyatini raqamlashtirish nima uchun zarur?
Birinchidan, sudga murojaat qiluvchilarga koʻrsatiladigan zamonaviy interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarga qulayliklar yaratiladi. Masalan, jismoniy hamda yuridik shaxslarning ortiqcha ovoragarchiliksiz, sudga tashrif buyurmasdan ariza, daʼvo ariza va shikoyat yozish yoki boshqa masala boʻyicha onlayn tarzda elektron murojaat qilish imkoni yaratiladi.
Ikkinchidan, har bir murojaatni koʻrib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishi taʼminlanadi. Bu mexanizmning yoʻlga qoʻyilishi tizimda sansalorlikka, oʻziboʻlarchilikka chek qoʻyadi. Murojaatni koʻrib chiqayotgan sudya yoki sud tizimi xodimidan oʻz kasbiga nisbatan oʻta masʼuliyat bilan yondashishni talab etadi.
Uchinchidan, sud binolariga keluvchilar uchun interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi. Buning natijasida foydalanuvchilar oʻzlari uchun zarur maʼlumotlarni tezkorlik bilan olishi mumkin boʻladi.
Toʻrtinchidan, sud organlarining raqamlashtirilishi ochiqlik va shaffoflik taʼminlanishiga olib keladi. Bu, oʻz navbatida, sud amaliyotidagi xato va kamchiliklar bartaraf etilishiga hamda korrupsiyaning oldi olinishiga zamin yaratadi.
Sudyalar oliy kengashi faoliyatida raqamlashtirish boʻyicha dastlabki qadamlar tashlandi
Kengashning sudyalik lavozimiga nomzodlarni tanlash va tayinlash bilan bogʻliq faoliyatini raqamlashtirish bilan bogʻliq qator loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Mazkur jarayon ilgari yopiq eshiklar ortida, kengash aʼzolari tomonidan ogʻzaki savol-javob tarzida hal etilgan boʻlsa, ayni paytda sudyalik lavozimiga nomzodning kasbga tayyorgarligini aniqlashda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnogoliyalaridan keng foydalanish yoʻlga qoʻyilmoqda.
Bunda nomzodoʻzining yoʻnalishi boʻyicha kompyuterga joylangan biletlaridan birini tanlaydi va undagi savolga javob beradi. Eng muhimi, ushbu jarayonni daʼvogar boʻlgan boshqa nomzodlar hamda jamoatchilik vakillari alohida xonada onlayn tarzda bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratildi. Bu bilan jarayonning ochiqlik asosida oʻtishi, shaffofligini taʼminlashga harakat qilinmoqda.
Bu - nomzodning kasbga tayyorligini baholashdagi xolislikni taʼminlash bilan birga, boshqalarda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan asossiz shubha va gumonlarga ham barham beradi.
Shuningdek, nomzodlarning oʻzlari ham boshqa nomzodlarning javoblarini toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib turish imkoniyati mavjudligi, Kengash yigʻilishlarida ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki taʼminlanayotgani ham ilgʻor demokratik tamoyillarga mos, keng jamoatchilikning axborot olishga boʻlgan talabigahamohangdir.
Raqamlashtirish borasida istiqbolda belgilangan muhim vazifa
Sudyalar oliy kengashi tomonidan sudyalar korpusini har tomonlama munosib kadrlar bilan mustahkamlashga qaratilgan va bevosita tizimni raqamlashtirish bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan bir qator muhim loyihalar ustida ish olib borilmoqda.
Xususan,sudyalar faoliyatini doimiy ravishda baholab boruvchi “Sudyalar faoliyati reytingi” axborot tizimini yaratish borasida ishlar boshlangan.
Bu jarayonda ham inson omili ishtirok etmaydi. Maxsus elektron dastur sudya faoliyatining eng asosiy yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshirayotgan ishlarini baholab, reyting ballarini koʻrsatib boradi.
Shuningdek, sudyalikka nomzodlarni tanlash boʻyicha xalqaro amaliyot tahliliy oʻrganilib, nomzodning ruhiy holati boʻyicha “psixologik test”ni yaratish va joriy etish borasida ham ishlar olib borilmoqda.
Bundan tashqari, jamoatchilik fikrini oʻrganish, nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayoniga ularning ishtiroki masalalari ham tahliliy oʻrganilmoqda.
Zero, sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayonini imkon qadar raqamlashtirish ochiqlik va shaffoflik taʼminlanishi va bu Sudyalar oliy kengashining eng asosiy vazifalaridan biri – sudyalikdek yuksak masʼuliyatli lavozimga har tomonlama munosib kadrlarni tanlashda oʻz ijobiy samarasini berishi shubhasiz.