Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Moskva shahrida SHHT TIVK yigʻilishida ishtirok etdi
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Moskva shahrida boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etdi.
Hindiston, Pokiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va Oʻzbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari SHHT Bosh kotibi va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi direktori ishtirokida Tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining boʻlajak yigʻilishiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.
Oʻzbekiston TIV matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, vazirlar SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi kun tartibi va imzolash uchun taklif qilinadigan hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqdi.
Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish uchun Tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha fikr almashildi. Afgʻonistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayon va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi butun SHHT hududida izchil rivojlanish va barqarorlashuvga erishishga hissa qoʻshishi qayd etildi.
Tadbirda SHHT va BMTning tegishli institutlari oʻrtasidagi sheriklik aloqalarini yana-da kengaytirishning dolzarb jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Shu nuqtayi nazardan SHHT va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, ESKATO, YUNKTAD va JSST kabi institutlari oʻzaro anglashuv memorandumlarini imzolash muhimligi taʼkidlandi.
Tomonlar xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Muayyan masalalar boʻyicha tegishli qarorlar imzolandi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha delegatsiyalar rahbarlarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin qabul qildi.