BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashida Oʻzbekistonning ustuvor yoʻnalishlari taqdim etildi
Oʻzbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi BMT boʻlimi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov “Amnesty International” (“AI”) va “International Service for Human Rights” xalqaro nodavlat tashkilotlarining BMTning Inson huquqlari boʻyicha 2021-2023-yillarda inson huquqlari sohasidagi ustuvor yoʻnalishlari kengashiga nomzod mamlakatlar bilan munozarasiga bagʻishlangan qoʻshma yigʻilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Hukumatlar, turli nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlaridan 150 ga yaqin vakil ishtirok etgan mazkur tadbir Niderlandiya va Marshal orollari hukumatlari tomonidan ham tashkil etildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston 2021-2023-yillarda BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzolikka oʻz nomzodini Osiyo-Tinch okeani mintaqasidan koʻrsatdi.
Muloqot davomida diplomatik vakolatxona rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, BMT institutlari bilan samarali hamkorlik, jumladan, inson huquqlarini himoyalash masalalari xususida maʼlumot berdi. BMT Bosh assambleyasining 60/251 sonli qaroriga muvofiq kengashga saylangan taqdirda mamlakatimizning ixtiyoriy majburiyatlari bayon etilgan.
Shunga muvofiq, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT homiyligida pandemiya davrida mamlakatlarning Xalqaro ixtiyoriy majburiyatlar kodeksini qabul qilish tashabbusiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tadbirda Oʻzbekiston tomonining ishtiroki, maʼruzalarning mazmuni va oʻziga xosligi tashkilotchilar tomonidan yuqori baholandi.
“Dunyo” AA
OʻzA