Oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 24-27-avgust kunlari Toshkent shahrida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatlari delegatsiyalarining navbatdagi yigʻilishi va ishchi guruhlarining uchrashuvlari boʻlib oʻtdi.
Avval xabar berilganidek, 26-avgust kuni Vazirlar Mahkamasida oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari izchil kengayib, mustahkamlanib borayotgani qayd etilgan. Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari koʻrib chiqilgan edi.
Mazkur uchrashuv chogʻida Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – delegatsiya rahbari Akram Madumarov pandemiya davrida Oʻzbekiston rahbariyatining qirgʻiz xalqiga koʻrsatgan insonparvarlik yordamlari uchun Qirgʻiziston rahbariyati nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.
Hukumatlar delegatsiyalarining 27-avgust kuni boʻlib oʻtgan yakuniy muzokaralari doirasida tomonlar 2017-2020-yillarda ikki mamlakat ishchi guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan davlat chegarasining ayrim nuqtalarini belgilash loyihasini tasdiqlash haqida kelishuvga erishildi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston chegarasida ayrim oʻtkazish punktlarini ochish masalasi ham muhokama qilindi.
Doʻstlik va yaqin qoʻshnichilik ruhida oʻtgan muzokaralar yakunida tegishli bitimlar imzolandi.
OʻzА