Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik mustahkamlanadi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida mamlakatimiz Mustaqilligining 29 yilligi arafasida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar jamiyatlari va faollar bilan “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekiston” mavzusida onlayn-uchrashuv oʻtkazildi.
Maʼlumki, mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab bagʻrikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy eʼtiqodidan qatʼi nazar teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yunalishlari etib belgilangan.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami “Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekiston” shiori ostida oʻtkazilayotgani ham bejiz emas. Zero, mamlakatimizda millatlararo bagʻrikenglik, xorijiy mamlakatlar va xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar Oʻzbekistonni qudratli davlatga, tinch, osuda saodat maskaniga aylantirishi shubhasiz.
Dastlab Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustambek Qurbonov ishtirokchilarga qoʻmitaning maqsad va vazifalari hamda bugungi kundagi faoliyati haqida qisqacha soʻzlab berdi.
Bugungi kunda qoʻmita Oʻzbekistondagi 143 milliy madaniy markaz va 36 doʻstlik jamiyati faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Xalq diplomatiyasi asosida ish olib borib, ushbu tuzilmalarga doʻstlik va koʻp millatli yagona oila tuygʻusi muhitini mustahkamlash, doʻstona xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish, oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar fuqarolik hamjamiyatlari, shu jumladan, chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan doʻstlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni samarali yuritishda koʻmak koʻrsatadi.
Jumladan, AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlar tomonidan taʼsis etilgan “Atlanta-Oʻzbek jamiyati”, “Chikagodagi Oʻzbek-Amerika assotsiatsiyasi”, “AQSH va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi”, “Toshkent-Sietl birodarlashgan shaharlar jamiyati” kabi nodavlat tashkilotlar bilan birga nafaqat madaniy-maʼrifiy, qolaversa turizm, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, investitsiyalarni jalb etish, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarda hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda qoʻmita tomonidan Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini taʼminlashga qaratilgan 10 dan ortiq loyiha amalga oshirib kelinmoqda. Xorijdagi vatandoshlar farzandlarini maʼnaviy-maʼrifiy qoʻllab quvvatlash maqsadida “yakshanbali maktablar” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, xorijdagi vatandoshlar farzandlariga oʻzbek tilidagi badiiy kitob va darsliklar, musiqa asboblari, milliy liboslar yetkazib berish, ularning Oʻzbekistondagi yozgi oromgohlarda hordiq chiqarishini tashkil etish shular jumlasidan.
Onlayn-muloqotda soʻzga chiqqan vatandoshlarimiz mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni, olisdan turib boʻlsa-da, qoʻllab-quvvatlashlarini izhor etdi. Shuningdek, yurtdoshlarimizga bayram tabrigi yoʻllab, qoʻmita bilan yana-da izchil aloqani yoʻlga qoʻyish borasida oʻz fikr va mulohazalari, takliflarini bildirishdi. Tadbir yakunida qoʻmita va xorijdagi vatandoshlar kelgusida yangi-yangi qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olishdi.