Odam savdosidan jabrlanganlar toʻgʻrisidagi axborot oshkor etilmaydi
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun (yangi tahrirda) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga koʻra, odam savdosidan jabrlanganlarga zarur yordam koʻrsatish hamda ularni himoya qilish, shuningdek ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida identifikatsiya qilinadi.
Shuningdek, Qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini taʼminlash tartibi belgilanib, ular, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish davrida moddiy yordam koʻrsatishni;
vaqtinchalik uy-joy, oziq-ovqat, sanitari-gigiyena vositalari bilan, zarur hollarda esa kiyim-bosh, poyabzal va boshqa zarur ashyolar bilan taʼminlashni;
ishga joylashishda, taʼlim olishda, kasbiy jihatdan yoʻnaltirishda va kasbga tayyorlash hamda qayta tayyorlashda yordam koʻrsatishni;
ijtimoiy jihatdan qayta integratsiyaga, shu jumladan qarindoshlarni izlashida yordam koʻrsatishni.
Shu bilan birga, odam savdosidan jabrlanganlar toʻgʻrisidagi hamda ularga nisbatan sodir etilgan holatlar haqidagi axborot, shuningdek koʻrilgan xavfsizlik choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor etilmasligi belgilandi.
Qonun rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.
OʻzA