Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga oʻqitishga qaratilgan hamda aholi bandligini taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Mamlakatimizda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanlik faolligini oshirish, kambagʻal va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini taʼminlash maqsadida:
1. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:
2021-yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlarini 1-ilovaga muvofiq;
bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlarini 2-ilovaga muvofiq;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslarini 3-ilovaga muvofiq;
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalla aholisini kasb-hunarga oʻqitish maskanlarini 4-ilovaga muvofiq tashkil etsin.
2. Vazirlik doimiy ravishda nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarini jalb qilib, aholini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasblar, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga oʻqitishni tashkil etsin. Bunda, xususiy sektor imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida:
a) nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarini tashkil etayotgan xususiy investorlarga quyidagilar davlat yordami sifatida koʻrsatiladi:
nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarini tashkil etish uchun Vazirlikning “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga oʻqitish markazlarining, kasb-hunarga oʻqitish muassasalarining binolari yoki ularning bir qismi hamda mahalliy hokimiyat va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tavsiyasiga koʻra boshqa boʻsh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativ boshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi;
oʻquv dasturi va oʻqituvchilarni mustaqil tanlash huquqi beriladi;
kasb-hunarga oʻqitish markazlari binolari bir qismi berilgan taqdirda mazkur markazlarning oʻquv jihozlari va anjomlari imtiyozli ravishda foydalanishga topshiriladi;
nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarida Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan oʻqitish uchun davlat buyurtmasining kafolatlangan eng kam darajasini belgilash;
b) nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalari olinayotgan davlat yordami evaziga quyidagilarni taʼminlaydi:
kasb-hunarga oʻqitish va koʻnikmalarni baholash sifatining tashqi va milliy mehnat bozori talablariga mosligini;
ishsiz, kambagʻal fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitish xarajatlarini Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan toʻlanayotgan davlat buyurtmasining miqdoridan oshirmaslikni;
kasbiy koʻnikmalari baholanayotgan fuqarolar toʻgʻrisida maʼlumotlarni Vazirlikning Tasdiqlangan malakaga ega shaxslar Milliy reyestriga qoʻshish uchun taqdim etishni;
v) nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarida taʼlim olgan hamda WorldSkills va boshqa xalqaro standartlar darajasida kasbiy malaka sertifikatini (Skills pasporti) olgan bitiruvchilarga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagi imtiyozlar beriladi:
kasb-hunarga oʻqish va malaka imtihonini topshirish xarajatlarini qoplash;
tadbirkorlikka jalb etish va oʻzini oʻzi band qilganlik uchun ragʻbatlantirish subsidiyalarini ajratish;
oʻz biznesini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratishga yoʻllanma berish.
3. Quyidagilar:
Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻrgatish va ularning mehnat faolligini oshirish boʻyicha respublika ishchi guruhi tarkibi 5-ilovaga muvofiq;
Aholi bandligini taʼminlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, mazkur qarorning 1 va 2-bandlariga muvofiq oʻqitish xarajatlari quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:
mehnat organlari yoʻllanmasi bilan yuborilgan ishsiz fuqarolarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari;
boshqa fuqarolar uchun – fuqarolarning oʻz mablagʻlari yoki oʻz ishchilarini kasbiy malakasini oshirish uchun (kasbiy oʻqitish, qayta oʻqitishga) yuborgan ish beruvchilar yoki yangi ishchilarni kasbga tayyorlash uchun buyurtma bergan tashkilotlar mablagʻlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Moliya vazirligi bir oy muddatda ushbu qarorga 1-ilovaga muvofiq “Ishga marhamat” monomarkazlarini va 2-ilovaga muvofiq kasb-hunarga oʻqitish markazlarini saqlash, qayta taʼmirlash, asbob-uskuna va jihozlar bilan taʼminlash hamda oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlim ustalarining ish haqlarini toʻlash uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda 150 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.
6. Vazirlik 2021-yil 1-yanvardan boshlab “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari bitiruvchilarining kasbiy malakasini WorldSkills standartlari asosida baholash, shuningdek, baholashdan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda tan olinadigan Skills pasporti berilishini yoʻlga qoʻysin va kasbiy malakasi tasdiqlangan bitiruvchilarning Yagona reyestrini shakllantirsin.
“Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan oʻqishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtirilib, egallagan bilimlarni mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beradi, biroq, taʼlimning keyingi turini davom ettirish uchun asos hisoblanmasligi belgilansin.
7. Belgilansinki, “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda kasb-hunarga oʻqitish markazlari:
faoliyat yoʻnalishlari Vazirlik tomonidan belgilanadi, ularning faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar, shu jumladan, moddiy-texnik taʼminlash va saqlab turish xarajatlari Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari, xoʻjalik faoliyati natijasida tushgan mablagʻlar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
tarkibiy tuzilmasi, shtatlar jadvali, rahbar, oʻqituvchi va boshqa barcha xodimlarining mehnatiga haq toʻlash miqdori Vazirlik tomonidan tasdiqlanadi;
oʻquv-metodik faoliyati Vazirlik hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan tartibda muvofiqlashtiriladi;
oʻquv jarayonida ishlab chiqarilgan yarim tayyor, tayyor mahsulotlarni (tovar, ish, xizmatlarni) ushbu markazlar hududida joylashgan koʻrgazmali pavilyonlar va yarmarkalar hamda elektron tijorat orqali namoyish qilishi va sotishi (tushgan tushumlarni oʻquv jarayoni uchun zarur boʻlgan ehtiyot qismlari va xomashyo materiallarini xarid qilish, xodimlar malakasini oshirish va ularni ragʻbatlantirish uchun sarflashga yoʻnaltirish sharti bilan) mumkin.
8. Vazirlik Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasining quyidagilarni nazarda tutuvchi qarori loyihasini ishlab chiqsin va kiritsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” boʻyicha nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalari oʻrtasida ochiq tanlov oʻtkazish;
tanlov gʻolibi sifatida taʼlim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan, hududlarning asosan qishloq va chekka joylari, chegara hududlarini qamrab olgan holda ishsiz va band boʻlmagan aholi, ayniqsa, kambagʻal fuqarolar, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga, chet tillari yoki tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni zimmasiga olgan, oʻquv dasturi va qoʻllanmalariga ega, oʻqish jarayonida axborot-kommunikatsiya vositalaridan va innovatsion oʻqitish uslublaridan keng foydalanadigan nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasasini aniqlash.
9. Moliya vazirligi bir oy muddatda “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” tanlovi gʻoliblarining loyihalarini moliyalashtirish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan 2020-yil uchun ajratiladigan mablagʻlarga qoʻshimcha ravishda 50 milliard soʻm mablagʻ ajratsin.
Vazirlik tanlov gʻolibi aniqlangandan keyin uch kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tanlov gʻoliblari toʻgʻrisidagi maʼlumotni taqdim etsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tanlov gʻoliblarini, zarur hollarda, oʻn besh kun muddatda ijara toʻlovlari bevosita tanlov gʻolibi tomonidan toʻlanishi sharti bilan ularni maqbul shart-sharoitlarga ega binolar bilan taʼminlash choralarini koʻrib borsin.
10. Vazirlik Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2020-yilda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslarning ish bilan bandligini taʼminlash maqsadida tajriba tariqasida:
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlari yaratayotgan tadbirkorlik subyektlariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tijorat banklari orqali har bir yaratilayotgan ish oʻrni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha, biroq jami har bir tadbirkorlik subyekti uchun bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravaridan oshmagan miqdorda 3 yil muddatga, bir yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida, yaratilgan ish oʻrnida nogironligi boʻlgan shaxslarning kamida bir yil ishlashi sharti bilan mikrokreditlar ajratish tartibi joriy etilishini;
ishga layoqatli nogironligi boʻlgan shaxslarning elektron reyestrini shakllantirish va reyestrga kiritilgan shaxslarni boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirishga koʻmaklashishni;
tadbirkorlik subyektlariga ish oʻrinlari va sharoitlarini nogironligi boʻlgan shaxslarga moslashtirish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har bir moslashtirilayotgan ish joyi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratilishini;
Vazirlik tizimidagi kasb-hunarga oʻqitish markazlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ayniqsa, kam taʼminlangan va mehnat migrantlari oilalarining aʼzolari, nogironligi boʻlgan shaxslarni bepul oʻqitish kurslarining tashkil etilishini taʼminlasin.
Vazirlik Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-fevralga qadar ushbu bandda belgilangan tajriba doirasida amalga oshirilgan ishlar monitoringini olib borsin hamda tajribaning ijobiy yakunlari boʻyicha uni keyinchalik doimiy asosda joriy etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Soliq va Bojxona kodekslariga asosan Koreya Respublikasi Hukumatining grantlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, shu jumladan, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish markazlarini tashkil etish uchun chetdan olib kelinadigan tovarlar, shu jumladan, avtotransport vositalari, ishlar (xizmatlar) bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
12. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Professional taʼlim tizimini yana-da takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5812-son Farmoniga muvofiq kasbga oʻqitish markazlarini tashkil etish uchun Vazirlik tizimiga berilgan kasb-hunar kollejlaridagi xorijiy grant va kreditlar hisobiga sotib olingan jihoz va uskunalardan ushbu kasbga oʻqitish markazlarida ishsiz va band boʻlmagan aholini kasb-hunarga oʻqitish maqsadlarida foydalanish;
ishsiz va band boʻlmagan aholini, shuningdek, tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻli bilan xorijiy mamlakatlarda ishlash uchun ketayotgan va “labor-migration” dasturiy majmuasida roʻyxatga olingan fuqarolarni tadbirkorlik koʻnikmalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun ketishdan oldin davlat yoki nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalariga, ishlab chiqarishning oʻzida oʻqitish uchun tashkilot hamda “usta-shogird” maktablariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har bir taʼlim oluvchi uchun bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda grantlar ajratish;
hududiy mehnat organlari tomonidan roʻyxatga olingan ishsiz va band boʻlmagan aholini Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tadbirkorlik koʻnikmalari va xorijiy tillarga oʻqitish, kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni davlat yoki nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarida, bevosita ishlab chiqarishning oʻzida oʻqitish uchun tashkilot hamda “usta-shogird” maktablari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi takliflarga rozilik berilsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshligʻi Vazirlik hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:
uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari koʻpchilikni tashkil etgan Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Yekaterinburg, Novosibirsk shaharlarida va boshqa hududlarida davlat hamda nodavlat taʼlim muassasalari va markazlari bilan muzokaralar olib borib, mazkur hududlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini kasb-hunarga va rus tiliga, ayniqsa, kechki payt (ish vaqtidan keyin) oʻqitishni tashkil etish, shu jumladan, oʻqitish uchun joy, oʻquv qoʻllanmasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash boʻyicha oʻzaro kelishuvlarga erishish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN), “Molodыye professionalы (WorldSkills Russia)” ittifoqi hamda boshqa taʼlim va kasbiy malakani baholash muassasalari bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida kasb-hunarga va rus tiliga oʻqitilishini tashkil etishda hamkorlik oʻrnatish choralarini koʻrsin;
bir oy muddatda xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy, ijtimoiy va madaniy-gumanitar qoʻllab-quvvatlash, ularning mehnat faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasida kasb-hunarga va rus tiliga oʻqitish xarajatlari Vazirlik huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
14. Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻrgatish va ularning bandligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etish maqsadida mazkur qaror quyidagi tartibda ijro etilsin:
a) Kambagʻal va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻrgatish va ularning mehnat faolligini oshirish boʻyicha respublika ishchi guruhi rahbari J.A.Qoʻchqorov mazkur qarorga muvofiq davlat va nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarining samarali faoliyat yuritishini hamda sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan kasb-hunarga oʻqitish tizimi joriy etilishini tashkillashtirsin, shuningdek, ushbu maqsadda ajratilayotgan mablagʻlarning manzilli sarflanishini taʼminlasin;
b) bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B.Husanov:
ishsiz va band boʻlmagan aholini mehnat bozorining joriy hamda istiqboldagi ehtiyojlari asosida qisqa muddatlarda zamonaviy kasbiy koʻnikmalarga oʻqitishning samarali dasturlarini ishlab chiqsin;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslarni kasb-hunarga tayyorlashda va ularning bandligini taʼminlashda xususiy sektor vakillari bilan uzviy hamkorlik qilsin va ularni moddiy qoʻllab-quvvatlasin, shu jumladan, grantlar ajratib borsin;
Adliya vazirligi, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir hafta muddatda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ijrochilarga, tashkilotlarga, fuqarolik jamiyati institutlariga va aholi eʼtiboriga yetkazish maqsadida chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin;
mazkur qarorga asosan ajratilayotgan mablagʻlar boʻyicha ularning sarflanish yoʻnalishlari, samaradorlik natijalari yuzasidan maʼlumotlarni har chorak yakuni boʻyicha jamoatchilikka eʼlon qilsin va oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirib borsin;
ushbu qarorning ijrosi holati toʻgʻrisidagi hisobotlarni har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib borsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oʻqitish jarayonlariga yuqori malakali oʻqituvchi va ishlab chiqarish taʼlim ustalari jalb etilishini taʼminlasin, zarur hollarda, ularning malakasini WorldSkills va boshqa xalqaro standartlarga asosan oshirib borsin;
v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bir oy muddatda har bir tuman va shahar kesimida kambagʻal va ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarni kasb-hunarga oʻrgatish va ularning mehnat faolligini oshirish boʻyicha hududiy dasturlarni tasdiqlasin va ijrosini Vazirlik bilan birgalikda taʼminlasin;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti boshligʻi davlat va nodavlat kasb-hunarga oʻqitish muassasalarining xorijda ishlash niyati boʻlgan bitiruvchilarini ishga joylashtirishga koʻmaklashsin hamda mazkur muassasalarning xorijiy davlatlardagi salohiyatli ish beruvchilar bilan uzviy hamkorligini oʻrnatsin;
d) Hisob palatasi va Moliya vazirligi mazkur qarorga muvofiq amalga oshirilayotgan xarajatlar samaradorligi hamda qonuniyligini oʻrnatilgan tartibda tekshirib borsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
16. Vazirlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 11-avgust