Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro universitetlar uyushmasiga aʼzo boʻldi
Bu nufuzli tuzilma 1988-yilda Italiyada tashkil qilingan boʻlib, hozirda dunyoning 88 mamlakatidagi 904 yetakchi universitetni birlashtirib kelmoqda. Uning asosiy maqsadi aʼzo universitetlar oʻrtasida oʻzaro samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlashdan iborat.
Prezidentimizning joriy yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida yuridik taʼlim va fanning xalqaro taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini taʼminlash vazifasi belgilangan edi. Farmon doirasida joriy yilning iyun oyida TDYUU Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi (International Association of Universities – IAU), Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi (International Association of Law Schools – IALS) hamda Yevropa yuridik maktablar assotsiatsiyasi (European Law Faculties Association – ELFA)ga qabul qilindi.
Xalqaro universitetlar uyushmasiga aʼzolik yurtimizda yuridik taʼlim sifatini oshirish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi. Uyushma tarkibidagi faoliyat Toshkent davlat yuridik universitetining ilmiy va pedagogik jamoasiga oʻz mutaxassisligi doirasida jahondagi ilgʻor tajribalarini oʻrganish, innovatsion ishlanmalar yaratish, taʼlim dasturlarini takomillashtirish imkonini beradi. Bu esa pirovard natijada universitetning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini yaxshilashga olib keladi.
Xalqaro universitetlar uyushmasi faoliyatini besh yillik reja asosida tashkil qilib, oʻz aʼzolariga taʼlim jarayonini takomillashtirish borasida konsultativ yordam koʻrsatadi, ularning oʻzaro hamkorlik qilishiga qaratilgan turli loyihalarni amalga oshiradi.
OʻzA