Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi: Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasi muhokamada
12-avgust – Xalqaro yoshlar kunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan “Yoshlar–2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deb nomlangan Samarqand forumi ish boshlaydi. Shu munosabat bilan muxbirimiz ushbu xalqaro forumning asosiy tashkilotchisi boʻlmish Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal SAIDOV bilan suhbatlashdi.
– Maʼlumotlarga koʻra, Samarqand forumida BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Yevropa Kengashi kabi qator xalqaro tashkilotlar hamda Oʻzbekiston va oʻn beshdan ziyod xorijiy mamlakatdan yetti yuz ellikdan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Xoʻsh, ushbu nufuzli forumning asosiy maqsadi nimadan iborat?
— BMT Bosh kotibi chaqirigʻiga javoban, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bu yilgi Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi “BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh” dasturi doirasida bevosita yoshlar masalasiga bagʻishlab oʻtkazilmoqda.
Bugun dunyoda yoshlar misli koʻrilmagan darajada koʻpchilikni — 2 milliarddan ziyodni tashkil qilmoqda. Bu koʻplab mamlakatlarda, jumladan, Oʻzbekistonda ham aholining oʻsib boradigan katta qismini yoshlar tashkil qilmoqda, degani.
Hozirgi pandemiya sharoitida bunday nufuzli forumning oʻtkazilishi nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon tajribasida ham katta yangilik. Ushbu forum ilk bor onlayn tarzda yoshlarga mos axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda oʻtkazilmoqda.
Tadbirda BMT va uning butun dunyodagi tuzilmalari hamda boshqa halqaro tashkilotlardan 13 ta oliy darajadagi vakil, 40 dan ziyod xalqaro va xorijiy, 10 dan ortiq milliy maʼruzachi ishtirok etayotganida hamda forumning yer yuzidagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning turli jabhalaridagi muammolarni aniqlab, ularning yechimini topishga xizmat qilishida oʻziga xos ramziy maʼno bor.
Samarqand forumida Oʻzbekiston yoshlari, jumladan, 14 ta hududdan Yoshlar parlamentlari aʼzolari, faol yoshlar yetakchilari va yoshlar tashkilotlari vakillari, oʻndan ortiq oliy oʻquv yurti yosh olimlari va professor-oʻqituvchilari ham faol ishtirok etmoqda.
— Nima uchun asosiy mavzu sifatida yoshlar huquqlari tanlandi? Hozirgi jamiyatda yoshlarning tutgan oʻrni qanday?
— Bugungi kunda yosh shaxs boʻlish bu katta boylikdir. Zero, yosh aholi katta ishchi kuchi, salohiyat va imkoniyatlar kaliti, demakdir. Gyote “Dunyo oldinga borayotgan boʻlsa-da, yoshlarga har safar yangidan boshlashga toʻgʻri keladi”, deb qayd etgan edi. Shu bois, navqiron yigit-qizlarimizga kelajagimizni harakatlantiruvchi asosiy shijoatkor kuch sifatida qarashimiz lozim. Yoshlar salohiyati mamlakat iqtisodiyotiga va jamiyat rivojiga katta hissa qoʻshadi, agar ular toʻgʻri parvarish qilinsa, barqaror rivojlanishning katalizatoriga aylanadi.
Samarqand forumi doirasida Prezidentimizning 2017-yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan muhim bir tashabbusi asosida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasining ham navbatdagi muhokamasi rejalashtirilgan. Shuningdek, yoshlar huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlari orasidagi bogʻliqlik, yoshlarning inson huquqlari borasidagi bilimi va huquqiy ongini oshirish, 2030-yilgacha yana-da xavfsizroq kelajakni qurish, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda yoshlarning roli va ahamiyatini kuchaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilinadi.
Bir soʻz bilan aytganda, yoshlar nafaqat kelajagimiz bunyodkorlari, balki hozirgi kunimiz, islohotlarimizning hal qiluvchi kuchi hamdir. Agar biz barqaror rivojlanishga erishmoqchi boʻlsak, yoshlarning jamiyatimizdagi oʻrni va mavqeini har tomonlama kuchaytirishimiz zarur.
— Forumda qanday dolzarb masalalar muhokama etiladi?
— Yoshlarning huquqlari va salohiyati tinchliksevar va demokratik jamiyat barpo etishda muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda, Samarqand forumi aynan “Yoshlar — 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deb nomlandi. Forum davomida biz inson huquqlari sohasida yoshlar bilan bogʻliq qanday muammolar mavjudligini aniqlashga va ularni hal etishning eng maqbul yoʻllarini belgilashga harakat qilamiz.
Masalan, bugun dunyo miqyosida yoshlar orasida ishsizlik darajasi ancha yuqori. Yoshlar ish topsa ham, odatda, kattalarga qaraganda ancha murakkab sharoitlarda va koʻpincha teng ish uchun teng haq toʻlanmasdan mehnat qiladi. Bundan tashqari, 263 million bola va oʻsmir maktab taʼlimidan mahrum. Bu esa taʼlim va malaka yetishmasligi tufayli mehnat bozoriga oʻtishni qiyinlashtiradi.
Xususan, BMT tuzilmalari tomonidan tayyorlangan “Yoshlar holati” hisobotiga koʻra, yoshlarning siyosiy institutlardagi ishtiroki yetarli emas. Masalan, dunyoda yoshlarning siyosiy hayotda ishtirok etish indeksi oʻrtacha 5,68 ball (eng yuqori ball – 10) boʻlgani holda ushbu koʻrsatkich rivojlangan mamlakatlarda 8,75 va Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda 4,38 ballni tashkil etadi. Dunyo boʻylab 30 yoshga toʻlmagan yoshlar nufusi oʻta yuqoriligiga qaramay, koʻpgina mamlakatlarda ularning parlament aʼzolari sonidagi ulushi 2 foizni ham tashkil etmaydi.
Yangilanayotgan Oʻzbekistonimizning davlat yoshlar siyosatini tubdan qayta koʻrib chiqish, yosh avlodni ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlarga keng jalb etish, ularga mamlakatimizning buguni va ertangi kuni bilan bogʻliq oʻta muhim vazifalar ijrosini ishonib topshirish borasidagi tajribasi dunyo hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilmoqda. Xususan, bugun parlamentimiz quyi palatasining 6 foizini, mahalliy kengashlar deputatlarining 10 foizini aynan yoshlar tashkil etmoqda. Parlament palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari ish boshladi.
Forum ishtirokchilari mamlakatimizning ushbu sohadagi tajribasiga katta qiziqish bildirmoqda. Koʻrib chiqiladigan vazifalar orasida yoshlar huquqlarini himoyalashni davlat siyosati darajasiga koʻtarishning yoʻllari va usullariga doir takliflar ishlab chiqish masalasi ham bor. Bunday muhim chora yosh avlodga hayotning barcha sohalarini rivojlantirish, barqaror taraqqiyotni taʼminlashga hissa qoʻshish uchun imkoniyatlar yaratishiga ishonchimiz komil.
Jumladan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bugungi va ertangi yoshlarga bevosita bogʻliq. Ayniqsa, 1-maqsad (oʻta qashshoqlikka barham berish), 4-maqsad (sifatli taʼlim), 5-maqsad (gender tengligi), 8-maqsad (munosib ish oʻrinlari yaratish va iqtisodiy oʻsish), 10-maqsad (tengsizlikni kamaytirish) va 16-maqsad (tinchlik va adolat, odil sudlovning hammaga birdek ochiqligi) yoshlar huquq va manfaatlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan. Shuning uchun yoshlarning huquqlariga koʻmaklashish va ularni himoya qilish masalasi bundan keyin koʻtarilmasligi uchun nima qilishimiz kerak? Tadbirda muhokamalarimiz ayni shu muammolar yechimiga qaratiladi.
— Prezidentimizning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qabul qilish borasidagi tashabbusining hayotga tatbiq etilishi xususida biroz kengroq toʻxtalib oʻtsangiz. U xalqaro hamjamiyat tomonidan qanday qabul qilinmoqda? Ushbu konvensiyaning qabul qilinishi zarurati nimalardan iborat?
— Konvetsiya loyihasini ishlab chiqishda bugungi kunda BMT va u bilan bogʻliq xalqaro tuzilmalar (Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq va boshqalar) tomonidan yoshlar va yoshlar siyosatiga oid 30 dan ortiq universal hamda mintaqaviy tashkilot (Afrika Ittifoqi, Amerika davlatlari tashkiloti, Yevropa Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi va boshqalar) doirasida 20 dan ziyod xalqaro hujjat eʼtiborga olindi.
Jumladan, BMT Praga deklaratsiyasida insoniyatni rivojlantirishda yoshlarning muhim roli qayd etildi. 1996-yil 13-martda BMT Bosh Assambleyasining 50/81-rezolyutsiyasi bilan 2000-yilgacha boʻlgan davrda Yoshlarga oid umumjahon harakatlar dasturi tasdiqlandi. Unda, xususan, yoshlar huquqlariga oid oltita asosiy soha aniqlandi. Bular munosib yashash huquqi (yoshlar jamiyatda va oʻz yurtida munosib yashashlari kerak), oʻz fikrlarini bildirish huquqi(yoshlarga oʻz intilishlarini, gʻoyalarini, umidlarini va muammolarini ifoda etish imkoniyati berilishi kerak), yaxshi taʼlim olish huquqi(yoshlar oʻz vatanida sifatli taʼlim olishi, tegishli stipendiyalarni, ayniqsa, universitet darajasida taqdim etish), sogʻliq huquqi(kelajak avlodlar yoshlar sogʻligʻiga gʻamxoʻrlik qilish uchun zamonaviy tibbiy markazlardan foydalanishlari kerak), munosib kasbga boʻlgan huquq(bitiruvchilarning davlat yoki xususiy sektorda ishlashini taʼminlash yoki oʻrta va kichik biznesni tashkil etish uchun yosh tadbirkorlarga kredit berish), rivojlanish huquqi (yoshlarga oʻz mamlakatining jamiyatlarini turli yoʻnalishlarda, jumladan, siyosiy partiyalarda ishtirok etish va ushbu partiyalarda rahbarlik lavozimlariga ega boʻlish, yoshlarni qaror qabul qilishda ishtirokini taʼminlash)dir.
2001-yilda Jahon yoshlar strategiyasi ularning dunyo taraqqiyotidagi roliga eʼtibor qaratdi. BMT Xavfsizlik kengashining yoshlar, tinchlik va xavfsizlik boʻyicha ikkita, yaʼni 2250 (2015-yil) va 2419-rezolyutsiyalari (2018-yil) xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash hamda qoʻllab-quvvatlashda yoshlarning rolini ochib beradi. BMTning “Yoshlar — 2030” yoshlar strategiyasi, Yoshlar siyosati va dasturlari toʻgʻrisidagi “Lissabon+21” deklaratsiyasi yoshlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va amalga oshirishda qoʻshimcha imkoniyat yaratadi.
Mintaqaviy darajada Arab yoshlar deklaratsiyasi (ayollarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, yoshlarni ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotga kengroq jalb qilish), Aholi va rivojlanish boʻyicha Rabot deklaratsiyasi (yoshlarga nisbatan adolatli ijtimoiy siyosat uchun resurslarni taqsimlashni yaxshilash), Afrika yoshlar strategiyasi (yoshlar taraqqiyotini taʼminlashga qaratilgan siyosiy vaziyatni yaxshilash), Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarda yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi Toshkent deklaratsiyasi kabi qator oʻta muhim xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
— Konvensiya qabul qilinishining dolzarbligi nimadan iborat?
— Sohada oʻz yechimini kutayotgan va muammoli masalalar ham mavjud. Bular, birinchidan, dunyo miqyosida bugungi kunga qadar yoshlarning aniq huquqlarini belgilashga doir birorta alohida hujjat yoki vosita mavjud emas, yoshlarga oid siyosat sohasida davlatlarning xalqaro majburiyatlari aniq belgilab berilmagan. Xususan, yoshlarning hozirgi avlodi dunyo tarixi boʻyicha olib qaraganda eng koʻp sonlisi hisoblanadi, ammo ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini taʼminlashga yetarli eʼtibor qaratilmayapti. Yoshlarning barcha huquqlari, jumladan, barcha iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlari hurmat qilinishi, himoyalanishi va amalga oshishini taʼminlash choralarini kelgusida yana-da mustahkamlash zarur.
Ikkinchidan, yosh avlod ijtimoiy subyekt sifatida davlat va jamiyatning har tomonlama — yoshlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan muayyan resurslarni ajratish, davlat yoshlar siyosatining inson huquqlari bilan bogʻliq zamonaviy infratuzilmasini yaratish kabi qoʻllab-quvvatloviga muhtoj. Lekin yaqin va uzoq muddatli istiqbolda yoshlar rivojlanishi boʻyicha davlatlar dasturlarining qabul qilinishi tizimli yoʻlga qoʻyilmagan.
Uchinchidan, turli xalqaro huquqiy hujjatlarda yoshlarning yosh toifasi turlicha talqin qilingan. Misol uchun, birgina BMT doirasida “yoshlar” atamasi Yoshlar uchun umumjahon harakatlar dasturiga koʻra, 15-24 yosh, BMT Xavfsizlik kengashining yoshlar, tinchlik va xavfsizlik toʻgʻrisidagi 2250-rezolyutsiyasida 18-29 yosh, Aholi yashash manzillari boʻyicha BMT dasturida esa 15-32 yoshli shaxslarga nisbatan ishlatiladi. Yoshlarning Afrika xartiyasida “yoshlar” vakillariga 15-35 yoshli, Yevropa Kengashida 15-29 yoshdagi shaxslar kiritiladi.
Shu maʼnoda, aholining yoshlar qatlami uchun yosh chegarasining xalqaro mezonlarini ishlab chiqish va buni yoshlar huquqlari hamda ularni taʼminlash boʻyicha davlat majburiyatlari oʻrnatilgan xalqaro hujjatda belgilash muhim ahamiyatga ega.
Toʻrtinchidan, bugungi kunda BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari hamda BMTning “Yoshlar — 2030” yoshlar strategiyasi hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Lekin hamon belgilangan aniq maqsadlar va oʻlchov koʻrsatkichlari boʻyicha yoshlarning rivojlanish istiqbollarini namoyon etuvchi zamonaviy xalqaro model yaratilmagan.
Prezidentimiz tomonidan taklif etilgan tashabbus — Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasining qabul qilinishi bugun navqiron avlod duch kelayotgan aniq muammolarni hal qilish, sohaga oid turli xalqaro hujjatlardagi nomutanosibliklarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maʼnoda xalqaro hamjamiyat tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi.
— Konvensiya loyihasi qanday tayyorlandi?
— Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan konvensiya loyihasini ishlab chiqish boʻyicha milliy va xalqaro, xorijiy ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, yoshlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillaridan tashkil topgan maxsus ishchi guruh tuzildi va uning faoliyati tizimli ravishda tashkillashtirildi.
Ishchi guruh yoshlarga oid yuqorida eslatib oʻtilgan xalqaro hujjatlar hamda 50 dan ortiq davlatning milliy qonunchiligini chuqur oʻrganish, Barqaror rivojlanish maqsadlari, demokratiya va iqtisodiy sohalarga oid turli xalqaro reytinglar va indikatorlarni inobatga olib, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisida xalqaro konvensiya loyihasini ishlab chiqdi.
Konvensiya loyihasi xalqaro jamoatchilik fikr va mulohazalarini oʻrganish va inobatga olish maqsadida markazimiz veb-sayti hamda boshqa maxsus internet-tarmoqlarda joylashtirildi. Xususan, yoshlar huquqlari, inson huquqlariga oid oʻndan ortiq hujjat va adabiyot tayyorlanib, Samarqand forumining rasmiy veb-saytiga joylashtirildi.
Bugungi kunga qadar 40 dan ziyod xalqaro forum va ekspertlar uchrashuvida hamda Shveysariya, Buyuk Britaniya va Rossiyada muhokama etildi. Forumda ushbu mamlakatlar vakillarining maʼruza bilan ishtirok etishi ham nazarda tutilgan. Forum uchun “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining maxsus soni tayyorlandi.
— Ushbu konvensiyaning maqsad va vazifalari nimalardan iborat?
— Ishchi guruh konvensiyaning asosiy maqsadi sifatida dunyo boʻyicha yoshlarning ehtiyojlarini qondirish, yoshlarning barcha eng yaxshi qiziqishlari, erkinlik va huquqlari kafolatlari hamda potensialini mustahkamlash maqsadlarida xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada harakatlarni kuchaytirishni belgilashni taklif etgan.
Konvensiyada yoshlar siyosati tushunchasi turli hayotiy soha va sektorlar — davlat va xususiy sektor, nodavlat tashkilotlarning yoshlarga qaratilgan faol faoliyati sifatida kengroq maʼnoni anglatadi. Shuningdek, yoshlarning yosh xususiyatlari aniq 18-30 yosh deb belgilanmoqda.
Konvensiyaning asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni belgilash nazarda tutilmoqda:
yoshlarga nisbatan davlat siyosatining maqsadlari, ustuvorliklari va vositalarini belgilash, yoshlarning rivojlanishi imkoniyatlari va muammolari yuzasidan davlatlar oldida turgan masalalarga va imkoniyatlarga birgalikda javob izlash;
yoshlarga oid siyosat subyektlari uchun uzoq muddatli rivojlanish yoʻnalishlarini, shuningdek, yoshlar dasturlari, loyihalari, yoshlar jamoat birlashmalari va yoshlarga oid siyosat infratuzilmasiga yoʻnaltirilgan investitsiyalar koʻrsatkichlarini belgilash;
inson kapitalida jadal oʻsib borayotgan yoshlarning voyaga yetish davrida davlat va jamoat xizmatlaridan foydalanishini yengillashtirish, ularning asosli hayotiy qarorlar qabul qilish qobiliyatini rivojlantirish hisobiga imkoniyatlarini kengaytirish;
yoshlarni jamiyatni oʻzgartiruvchi faol subyekt, davlatlarning yetakchilik va rivojlanish drayveri, shuningdek, ijtimoiylashuv obyekti sifatida qarash.
— Samarqand forumi natijasi qanday boʻladi?
— Umuman, forum natijasida Samarqand rezolyutsiyasini qabul qilish, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiya loyihasini BMT nizomiy tuzilmalariga va inson huquqlari boʻyicha shartnomaviy qoʻmitalariga koʻrib chiqish uchun kiritish nazarda tutilgan.
Ishonchim komilki, Samarqand forumi ochiq va amaliy munozaralar ruhida oʻtadi. Undagi munozara va mushohadalar, oʻz navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish, Prezidentimizning tashabbusini hayotga tatbiq etishga qaratilgan amaliy qarorlar uchun zamin boʻladi. Bu ezgu ishlar butunjahon hamjamiyati darajasida yoshlarning qonuniy manfaatlari, haq-huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Bahor Xidirova suhbatlashdi.
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi .
O'zA