Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, sohaga zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, ushbu yoʻnalishda boshqaruvning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish, uning eksport salohiyatini oshirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasining qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning klaster modeli joriy etildi, natijada oxirgi yillarda paxta ekin maydonlarining 125 ming gektari yoki 12 foizida kooperatsiyalar, 908 ming gektari yoki 88 foizida klasterlar faoliyat yuritmoqda.
Qishloq xoʻjaligida qulay agrobiznes muhitini va yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyatini tubdan isloh qilish, ularning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, sohaga jahon tajribasi asosida qishloq xoʻjaligida bilim, innovatsiyalar va agroxizmatlar tizimini keng joriy etish, shuningdek, sohada xizmat turlarini takomillashtirish, kooperatsiya munosabatlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash va Jahon banki bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) 2020-yil 20-martda Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda – Loyiha) moliyalashtirish uchun 30 yil muddatga:
10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilishi;
10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 million AQSH dollari miqdoridagi krediti ajratilishi;
5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli krediti ajratilishi maʼqullanganligi;
b) Loyihaning umumiy qiymati 659,3 million AQSH dollariga teng ekanligi, ulardan Oʻzbekiston Respublikasining ulushi – 159,3 million AQSH dollarini, shu jumladan:
soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklidagi ulush – 124,3 million AQSH dollarini;
Loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi esa 35 million AQSH dollari ekvivalentini tashkil etishi;
v) Loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2020-2026-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
qishloq xoʻjaligida ilmiy-tadqiqot, taʼlim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish;
qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, statistik maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda “Daladan isteʼmolgacha” tamoyili asosida sifat nazoratini kuchaytirish, agrologistika, yoʻl va boshqa zarur infratuzilmani yaratish;
eksportni ragʻbatlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qoʻshilgan qiymatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
yer va suv resurslari, oʻrmon fondidan oqilona foydalanish;
sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat koʻrsatish servisini takomillashtirish.
3. Quyidagilar:
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasining texnik-iqtisodiy asosi hamda uning asosiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablagʻlaridan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2a-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali 3-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali 3a-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi imtiyozli kreditidan foydalanish va uni qaytarish, komissiya va foiz toʻlovlarini amalga oshirish jadvali 3b-ilovaga muvofiq;
“Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida 2021-2025 yillarda meva-sabzavot mahsulotlari eksport hajmlarining prognoz koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida amalga oshiriladi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini hamda natijadorligini taʼminlaydi;
Jahon bankidan olingan mablagʻlar Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda tijorat banklariga berilgan resurslarning qaytishi hisobidan qaytariladi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Loyihani oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish, uni boshqarish, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobotni yuritish uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
kredit liniyasini boshqarish, Jahon bankining mablagʻlari oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklariga yuklatiladi.
5. “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruhi) tarkibi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhi (Barnoyev, Xodjayev)ga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Loyihaning oʻz vaqtida, toʻliq va samarali ijrosini tashkil etish hamda muvofiqlashtirish;
Loyiha doirasida qilinadigan xarajatlarning maqbul yechimlarini va tijorat banklari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni asosliligi, natijadorligi hamda maqsadga muvofiqligi asosida tanlab olish;
Loyiha doirasida ajratilib, iqtisod qilingan mablagʻlarni moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, Jahon banki bilan kelishilgan holda oʻrnatilgan tartibda qayta taqsimlash;
zarur hollarda, qaror ilovalariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish. Bunda Qishloq xoʻjaligi vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boshqarmasi Ishchi guruhining ishchi organi hisoblanadi.
6. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, qonunchilikka muvofiq xalqaro moliyaviy institutlarning qarzlari va hukumat tashkilotlarining xalqaro qarzlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar doirasida:
agarda ushbu loyihalar xalqaro va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari tomonidan 2020-yil 1-iyulga qadar maʼqullangan boʻlsa, yuridik shaxslar tomonidan sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishga doir aylanmaga qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi solinmaydi;
ushbu qarz mablagʻlari hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona boji toʻlashdan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmagan yuridik shaxslar foyda soligʻi toʻlashdan 2021-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatga ozod etilgan;
ushbu imtiyozlar natijasida iqtisod qilingan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
7. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha doirasida beriladigan qarzni moliyalashning muddatlari va shartlari (valyuta xatarini hisobga olgan holda), subloyihalarni tanlash va ularni baholash mezonlarini belgilagan holda, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni (keyingi oʻrinlarda – Nizom) ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (S.Umurzoqov) hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasini moliyalashtirish toʻgʻrisidagi qarz bitimi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Moliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari, boshqa vazirlik va idoralar bilan Jahon banki tomonidan ajratiladigan mablagʻlarni qayta kreditlash bitimlarini imzolash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimlarga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin. Bunda, qayta kreditlash bitimlarining shartlari Nizomga asosan belgilansin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi Loyiha asosida Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
Loyiha doirasidagi tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish, natijadorligini taʼminlash, jalb etilayotgan mablagʻlarni oʻzlashtirish jarayonida oshkoralikni taʼminlash hamda korrupsiyaning oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrilishini;
Loyiha doirasida meva-sabzavotchilik kooperatsiyalariga yer maydonlarini belgilangan tartibda, shu jumladan, hududlarda barpo qilinadigan yirik agrologistika komplekslari uchun belgilangan yer maydonlarini qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari uchun kompensatsiya undirmasdan tekin foydalanish huquqi asosida ajratilishini;
ajratilgan yer uchastkalaridagi yerdan foydalanuvchilar kompensatsiyalari (fermer xoʻjaliklari tomonidan koʻrilgan zararlar, kesilgan daraxtlar, fuqarolarni koʻchirish va fuqarolarga koʻrsatilgan barcha zararlar) va agrologistika komplekslarini muhandislik, yoʻl hamda transport infratuzilmalariga ulanishini taʼminlash va boshqa xarajatlar mahalliy byudjet mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishini taʼminlasin.
11. Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi chet ellik mutaxassislarga kirish vizalari konsullik va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Ichki ishlar vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalari boʻyicha Loyiha doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga koʻp martalik vizalarni rasmiylashtirish, berish va muddatini uzaytirishni, shuningdek, vaqtinchalik yashash joyiga roʻyxatga olish va muddatini uzaytirishni davlat boji undirmasdan taʼminlasin.
13. Qishloq xoʻjaligi vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, Jahon banki hamda milliy qonunchilik talablariga muvofiq zarur hisobotlar va hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishi hamda taqdim etilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
14. Hisob palatasi Loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
15. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi:
Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflikni taʼminlash boʻyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqsin va joriy qilsin;
Loyihani amalga oshirishda ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
16. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
a) Ishchi guruhi (Barnoyev, Xodjayev):
bir hafta muddatda oʻzining birinchi majlisini oʻtkazib, Loyiha doirasidagi masʼul ijrochilarning aniq vazifalarini belgilab bersin;
ikki hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari takliflari asosida ishlab chiqilgan Loyiha doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi mablagʻlaridan foydalanish boʻyicha hududlar kesimida “Yoʻl xarita”larini tasdiqlasin;
b) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Xodjayev):
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev), Moliya vazirligi (Ergashev), Markaziy bank (Xolxoʻjayev) bilan birgalikda bir oy muddatda Loyihani amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idora xodimlari uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ikki haftalik seminar tashkil qilsin;
Loyihani amalga oshirish doirasida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb etish choralarini koʻrsin;
Moliya vazirligi (Ergashev) bilan birgalikda moliyalashtirilgan subloyihalar toʻgʻrisida, shuningdek, ularning sifatli amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot kiritib borsin;
v) Bosh vazir oʻrinbosari S.Umurzoqov qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksport hajmlarini oshirish maqsadida Loyiha doirasida eksportyor korxonalarni jalb qilish choralarini koʻrsin;
g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir oy muddatda Loyiha doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan tashabbuskorlar ishtirokida taqdimotlar oʻtkazilsin;
d) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (Xodjayev) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya va “Dunyo” axborot agentligi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda qarorda belgilangan chora-tadbirlarni aholi orasida keng yoritish choralarini koʻrsin.
17. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.I.Barnoyev zimmasiga yuklansin.
Ushbu qaror natijadorligi toʻgʻrisida 2020-yil 1-dekabrda va 2021-yilning har choragi yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 11-avgust