Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va qayta qurish boʻyicha loyihaviy hujjatlar ishlab chiqish boshlandi
Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish va qayta qurish asos loyihasini (FEED) ishlab chiqish boʻyicha videokonferensiya yigʻilishi oʻtkazildi. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati maʼlum qildi.
“Oʻzbekneftgaz” AJ, “Buxoro NQIZ” MCHJ, “Honeywell UOP” (AQSH) va “SK E&C” (Janubiy Koreya) mutaxassislari oʻrtasida boʻlib oʻtgan ushbu asosiy texnologik qurilmalar boʻyicha boshlangʻich anjuman hisoblanadi.
Yigʻilishda “Honeywell UOP” kompaniyasi tomonidan loyihada nazarda tutilgan 9 ta yangi va 3 ta qayta qurilishi rejalashtirilgan qurilmalar boʻyicha bajariladigan ishlar va texnologik qurilmalar haqida toʻliq maʼlumot berildi.
Shuningdek, soʻrovnomalarga “Buxoro NQIZ” tomonidan maʼlumotlar taqdim etilib, barcha masalalar muhokama qilindi. Zavod mutaxassislari loyihada ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar mutaxassislari bilan hamkorlikda texnologik qurilmalar uchun energiyasi tejamkor va samaradorligi yuqori boʻlgan texnologiyalarning maqbul variantlarini koʻrib chiqdi.
Taʼkidlash kerakki, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “SK E&C” kompaniyasi va “Buxoro NQIZ” mutaxassislarining galdagi yigʻilishida zavodning umumzavod xoʻjaligi va atmosfera bosimi ostida neft-gazkondensati aralashmasini fraksiyalarga ajratish qurilmasini qayta qurish masalalari tahlil etiladi.
Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Honeywell UOP” va “SK E&C” kompaniyalari oʻrtasida “Buxoro NQIZni modernizatsiya qilish va qayta qurish” loyihasi mavjud quvvatlarni qayta ishlash chuqurligini 79 foizdan 95 foizgacha oshirish, yorugʻ neft mahsulotlarini ishlab chiqarishni 77 foizdan 91 foizgacha yetkazish va Yevro-5 standartining talablariga javob beradigan neft mahsulotlarini ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan. Dastlabki taxminiy qiymati 678,5 mln. dollar boʻlgan loyiha 2020–2025-yillar davomida 3 ta bocqichda amalga oshiriladi.
OʻzA