Robert Kox instituti ekspertlari Oʻzbekistonga keladi
Bugungi kunda butun insoniyat boshiga musibat boʻlib kelgan COVID-19 koronovirusi baʼzan toʻlqin holida, baʼzan sekinlik bilan boʻlsa-da, tarqalayotgani ushbu ofatning uzil-kesil nazorat ostiga olinishiga toʻsqinlik qiluvchi asosiy omil boʻlib qolmoqda.
Dunyoning iqtisodiy jihatdan yetakchi davlatlari, sogʻliqni saqlash tizimi rivojlangan mamlakatlari, jahon hamjamiyati birgalikda ushbu pandemiyani tezroq bartaraf etish maqsadida keng koʻlamli kurash olib bormoqda. Jumladan, Germaniya bu borada yuqori natijalarga erishayotgani barchaga maʼlum.
Oʻzbekistonnning Germaniyadagi elchixonasi ham hayot-mamot jangiga aylangan koronovirusga qarshi kurashda ushbu mamlakat mutassaddi tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, ilgʻor tajribani oʻrganish va respublikada tadbiq etishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Elchixonamiz xodimlarining Germaniyada jamoat sogʻligʻini saqlash boʻyicha nufuzli tashkilotlaridan sanalgan Robert Kox instituti rahbariyati bilan oʻtkazgan muloqotida ayni shu masalalar muhokama etildi.
Germaniya hukumati va davlat sogʻliqni saqlash idoralari uchun asosiy maslahat markazi hisoblangan Robert Kox instituti yuqumli kasalliklar profilaktikasi va nazoratida, shuningdek, mamlakat sogʻliqni saqlash tizimidagi uzoq muddatli tendensiyalarni tahlil qilishda muhim oʻrin egallaydi. Turli xil bakterial va virusli kasalliklar boʻyicha milliy maʼlumot markazi va laboratoriyalar ham shu institutda joylashgan.
Muassasada faoliyat olib borayotgan 1300 dan ortiq olim va ekspert mintaqaviy epidemiyalarni tekshirish va shu asosda zarur choralar belgilashga masʼul boʻlib, tegishli hukumat idoralari bilan birgalikda favqulodda vaziyatlar rejasini ishlab chiqadi. Tuzilma Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda Kasalliklarning oldini olish va vaziyatni nazorat qilish boʻyicha Yevropa markazi (ECDC) bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi, xalqaro loyihalarni muvofiqlashtirib boradi. Robert Kox instituti COVID-19 boshlangandan buyon milliy va xalqaro darajada inqirozga qarshi chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlab, koronovirus avj olishini tahlil etish, baholash, kasallikka qarshi strategiya ishlab chiqishga koʻmak berib kelmoqda.
Uchrashuv doirasida dunyo davlatlari qatori Oʻzbekistonda ham koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga qarshi kurashda amalga oshirilayotgan ishlar, epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida qatʼiy belgilangan chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Toshkent shahri va viloyatlardagi koʻplab tibbiyot muassasalari, kasalxonalar ushbu virus bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun qaytadan jihozlangani, shuningdek, koronavirusga chalingan bemorlar uchun tezkorlik bilan alohida shifoxonalar qurilgani taʼkidlandi. Shu bilan birga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda xalqaro tajribaga, malakali mutaxassislarga ehtiyoj mavjudligi sababli Robet Kox instituti yetakchi ekspertlari va tajribali shifokorlardan iborat guruhni Oʻzbekistonga koʻmaklashish uchun yuborish imkoniyatini koʻrib chiqish soʻraldi.
Robert Kox instituti xalqaro sogʻliqni saqlash markazi rahbari A.Yansen dunyo boʻylab keng tarqalgan COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat yana-da jipslashishi lozimligi, vaziyat shuni taqozo etayotgani, Germaniya ham yolgʻiz oʻzi pandemiyani yenga olmasligi, faqat xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilangina koʻzlangan natijaga erishish mumkinligini taʼkidladi. Qolaversa, Oʻzbekistonning koronovirusga qarshi kurashda amalga oshirayotgan ishlari, belgilagan chora-tadbirlari, xalqaro hamkorlik borasidagi tajribasini yuqori baholadi.
Mutaxassis Oʻzbekiston tomoniga yangi koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, nazorati va davolash tadbirlarini amalga oshirishda Germaniya tajribasiga boʻlgan qiziqish uchun minnatdorlik bildirdi. Institut xalqaro missiyasi, odatda, Germaniyaning yirik shifoxonasi Sharite klinikasi bilan birgalikda tashkil etilishini aytib, Oʻzbekistonga ekspertlar guruhi safarini ikki bosqichda tashkil etish mumkinligini bildirdi.
Dastlabki bosqichda Robert Kox instituti hamda Sharite klinikasining 7-8 nafardan iborat ekspert va shiokorlaridan iborat guruh joriy yil avgust oyi oʻrtalarida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi. Ular respublika poytaxti va viloyatlarida tashkil etilgan koronavirusga qarshi kurash shtabi, tibbiy markaz va muassasalarga amaliy koʻmak beradi.
“COVID-2019”ga qarshi samarali kurashda, ofatni bartaraf etishda hamjihatlik juda muhim. Shu bois Robert Kox instituti dunyoning koʻplab davlatlari va nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻygan. Biz oʻzbekistonlik hamkasblar bilan ilk bor may oyida telekonferensiya orqali muloqot qilib, maʼlumot va tajriba almashdik, ushbu virusga qarshi hamkorlikda qanday kurash olib borish xususida fikrlashdik.
Oʻzbekistonning Berlindagi elchixonasida “COVID-2019”ga qarshi samarali kurash olib borish imkoniyatini muhokama etdik va tegishli kelishuvga erishdik. Ushbu kelishuvga binoan, Robet Kox instituti oʻz espertlari va Sharite klinikasi vrachlaridan iborat dastlabki guruhni Oʻzbekistonga yuboradi va ekspertlar oʻzbek hamkasblariga koʻmaklashadi, birgalikda joylarda zarur choralar ishlab chiqiladi.
Biz ushbu guruh tarkibini avgust oyida qisqa vaqt ichida shakllantirib, Oʻzbekistonga yuborishni tashkil etishga harakat qilamiz. Keyinchalik olingan xulosa va ehtiyoj asosida uzoqroq muddatga ikkinchi guruh safarini tashkil etamiz. Ekspertlarimiz tashrifi Oʻzbekistonning tibbiyot sohasidagi tegishli institut va muassasalari bilan kelgusi hamkorlik uchun mustahkam poydevor boʻlishiga ishonchim komil” – dedi A.Yansen.
Shohruh GʻULOMOV,
Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi attashesi,
Turizm, madaniyat va OAV masalari boʻyicha masʼul.