Davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish borasidagi ishlar keskin tanqid qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni energetika, transport, kommunal xoʻjalik va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Byudjetga yukni kamaytirish va yirik loyihalarga xususiy sektorni jalb etish maqsadida 2018-yili Davlat-xususiy sheriklik agentligi tashkil etilgan edi, bu borada alohida qonun va 10 dan ortiq qarorlar qabul qilindi.
Shunga qaramasdan, hozirgi kunga qadar energetika, tibbiyot, kommunal xoʻjalik sohalarida hammasi boʻlib bor-yoʻgʻi 9 ta yirik davlat-xususiy sheriklik loyihalari imzolangan. Bu koʻrsatkich juda ham past, dedi davlatimiz rahbari.
Elektr energiyasi va tabiiy gazni isteʼmolchilarga sotishda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish topshirigʻi berildi. Faqat shu orqali ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar oʻrtasida raqobatni taʼminlab, tannarx va yoʻqotishlarni kamaytirish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash sohasida 270 million dollarlik 14 ta loyihalarni jadallashtirishni tayinladi.
Ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston, Xorazm va Toshkentda gemodializ markazlarini tashkil etish boʻyicha tenderlarni yakunlash vazifasi qoʻyildi. Ushbu loyihalar doirasida yiliga 1 100 bemorning umrini 10 yilga uzaytirish imkoni yaratiladi. Gemodializ xarajatlari uchun byudjetdan yiliga 100 milliard soʻm ajratiladi.
Mamlakatimizda har yili 20 mingdan ziyod onkologik bemor roʻyxatga olinadi. Mutasaddilarga yil yakuniga qadar 2 ta radioterapiya markazini davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish topshirigʻi berildi. Shuningdek, yil yakuniga qadar Nurafshon shahrida “qurish – boshqarish – topshirish” prinsipi asosida 1 ming oʻrinli koʻp tarmoqli klinik shifoxona tashkil etish boʻyicha loyiha hujjatlari ishlab chiqish yuklatildi.
Transport va logistika tarmogʻi haqida gap ketar ekan, ushbu sohada ham amalga oshirilayotgan ishlar umuman qoniqarli emasligi qayd etildi.
Sohani rivojlantirishning keyingi davrida 27 milliard dollar talab etilishi maʼlum qilindi.
Misol uchun, bugungi kunda Qamchiq dovoni orqali Toshkentdan Andijonga borish uchun tirbandliklar sababli 5-6 soat vaqt sarflanadi, 22 ming avtomobil oʻtadi. Bu koʻrsatkich kelgusi 5 yilda 40 mingga yetadi. “Toshkent-Andijon” pullik avtomobil yoʻli ishga tushgan taqdirda masofani bosib oʻtish 3 soatgacha qisqaradi, transport harakati esa 70 foizgacha oshadi.
Shu bois davlatimiz rahbari Qamchiq dovonida yangi tonnel qurish boʻyicha tender-loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender eʼlon qilish muhimligini koʻrsatib oʻtdi.
Xalqaro ekspertlarning tahliliga koʻra, Oʻzbekistondagi mavjud aeroportlarni modernizatsiya qilish uchun oʻrtacha 800 million dollar talab etiladi. Shu munosabat bilan, Jahon banki bilan birgalikda Toshkent, Buxoro, Fargʻona va Urganch aeroportlarini “paket prinsipi” (zarar bilan ishlayotgan havo portlarini foyda keltirayotganlari bilan sheriklikka berish) asosida sheriklikka berish boʻyicha texnik topshiriqlar ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Kommunal xoʻjalik sohasidagi loyihalar ham sinchiklab koʻrib chiqildi. Tarmoqda islohotlar deyarli koʻrinmayotgani, bu borada sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Hozirgi kunda 31 ta yirik va oʻrta shaharlar, 156 ta tuman markazlarining kanalizatsiya tizimini qurish hamda modernizatsiya qilish vazifasi turibdi. Kanalizatsiya tizimi Qarshida 45 foiz, Andijonda 37, Nukusda 30, Namanganda 10 foizga taʼminlangan.
Faqat 18 ta yirik va oʻrta shahar uchun xalqaro moliya tashkilotlarining 912 million dollari jalb qilingan. Hisob-kitobga koʻra, barcha kanalizatsiya loyihalari uchun 2 milliard 600 million dollar talab qilinadi. Xususiy sheriklar bilan birgalikdagi shahar kanalizatsiyasi modernizatsiyasi ham byudjetga yengillik boʻladi, ham xizmat sifati yaxshilanadi.
Undan tashqari, Buxoro, Namangan va Nukus shaharlari issiqlik taʼminotini sheriklikka berish modellari boʻyicha takliflar kiritiladi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari Jamshid Qoʻchqorov va Sardor Umurzoqovlarga har chorakda davlat-xususiy sheriklikdagi barcha loyihalarning ijrosini muhokama qilib, zarur choralarni belgilab borish vazifasi yuklatildi.
Keskin tanqidiy ruhda oʻtgan taqdimot yakunida mutasaddilarga muhokama qilingan ishlarni tashkil etish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Davlat-xususiy sheriklik bilan bogʻliq masalalar Prezidentimizning shaxsiy nazoratida boʻlishi qayd etildi.
Ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlarning borishi xususida yaqin kunlarda masʼullar davlatimiz rahbari huzurida tanqidiy-tahliliy hisobot berishlari belgilandi.