Ishlab chiqarish hajmi ortib, yangi ish oʻrni koʻpaymoqda
Koronavirus pandemiyasi dunyo, jumladan mamlakatimiz iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Pandemiyaga qarshi kurash, bemorlarni davolash, karantin nazoratiga olingan bir necha oʻn minglab yurtdoshlarimizni ijtimoiy himoyalash tadbirlariga davlat xazinasidan milliardlab soʻm mablagʻ sarflanayotgan shunday murakkab vaziyatda iqtisodiyot tarmoqlari faoliyatining barqarorligini taʼminlash xazinani toʻldirib borishning birinchi shartidir. Bu borada koʻrilayotgan aniq chora-tadbirlar, tadbirkorlik subyektlari, xususan ishlab chiqaruvchilarga berilayotgan imtiyozlar katta ahamiyat kasb etmoqda.
Aholi va mehnat jamoalarida shunday sharoitda yashash va ishlash koʻnikmasi tobora mustahkamlanib borayotgan Namangan viloyatida ham iqtisodiyot tarmoqlarida karantin talablari asosida barcha ehtiyot choralari koʻrilgan holda ishlab chiqarish jarayonlari izchil davom ettirilayotir.
Pandemiya karantini sharoitida aholining ijtimoiy-maishiy shart-sharoiti, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy muassasalar faoliyatini oʻrganish va zarur chora-tadbirlar belgilash maqsadida viloyat hokimi X.Bozorov rahbarligidagi ishchi guruhi Namangan tumanida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Tumandagi “Assu Water” korxonasi tomonidan qiymati 4 million dollarga teng meva sharbatlari, yaxna ichimliklar va tez tayyor boʻladigan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.
– Hozirda Xitoydan keltirilgan jihoz va uskunalarni sozlash jarayonlari ketmoqda, – deydi tadbirkor A.Muhiddinov. – Shu yilning toʻrtinchi choragi, ayni pishiqchilik mavsumida mahsulot ishlab chiqarishga kirishiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 200 kishining bandligi taʼminlanib, yiliga 10 million dona chanqoqbosdi ichimlik, 30 million dona qadoqlangan lapsha va makaron mahsulotlari tayyorlanadi. Davlat xazinasiga 48 milliard soʻm soliq tushumlari tushirish rejalashtirilgan.
Murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish davlat boshqaruvi idoralari, jamoat tashkilotlari rahbarlarining funksional vazifalari sirasiga kiradi. Ishchi guruhi tomonidan bu borada tumanning 2-sektorida olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu sektordagi 13 mahallada 454 ta ehtiyojmand oilani kambagʻallikdan chiqarish, “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratilgan holda koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 500 nafardan ziyod kishini ish bilan taʼminlashga erishildi.
Tuman prokurori tashabbusi bilan sektor hududida umumiy qiymati 429,2 milliard soʻmlik, 1 ming 780 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan 73 ta investitsiya loyihasidan 20 tasi ishga tushirilib, 400 nafardan koʻproq kishi ishlik boʻldi. Mazkur loyihalarni oʻz vaqtida topshirilishi, yaratilgan ish oʻrinlari haqqoniyligini muntazam kuzatib borish maqsadida elektron dastur joriy qilingani diqqatga sazovor. Ish beruvchilar bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlar natijasida 500 nafarga yaqin yoshlar mehnat bozorida oʻz oʻrnini topdi.
Shuningdek, sektor hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilib, jinoyatga moyil boʻlgan toʻqqiz toifadagi shaxslar roʻyxati shakllantirilib, ular bilan olib borilgan manzilli tushuntirish ishlari koʻzlangan natijani bermoqda.
Hududda 236 ta issiqxona qurilishi aholi bandligini taʼminlash muammolarining oʻziga xos yechimi boʻlib xizmat qildi. Bundan tashqari, tadbirkorlikni rivojlantirish, oilalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, ajrimlarni kamaytirish, agrar sohadagi faoliyat sifati va samaradorligini taʼminlash, kasanachilik yoʻnalishlarida ham namunali ishlar davom etmoqda.
Qumqoʻrgʻon mahallasidagi “Madina Muazzam” masʼuliyati cheklangan jamiyatida 50 kishi muntazam mehnat qilmoqda. Bu korxonada Rossiya va Xitoy texnologiyalari asosida paxta chiqindisidan tikuvchilik paxtasi, notoʻqima mato, qayta tiklangan tola mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Yilning oʻtgan yetti oy davomida mahalliy bozordan tashqari, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlariga 180 ming dollarlik mahsulot eksport qilingani eʼtiborga molik.
Bundan tashqari, yaqinda korxonada tikuvchilik sexi ham ishga tushirilib yana 15 ta ish oʻrni yaratildi. Korxona rahbari N.Ibragimov kelgusi yilda qayta ishlangan chiqindilardan ip-kalava tayyorlash sexini tashkil etib, qoʻshimcha ish oʻrni yaratish harakatida.
– Chiqindilarni qayta ishlash nisbatan hali toʻla oʻzlashtirilmagan soha hisoblanadi, – dedi viloyat rahbari tadbirkor bilan muloqotda. –Uni amaliyotga oqilona tatbiq etish energiya va xom ashyoni sezilarli darajada tejaydi. Bu loyiha ustida izchil izlanishni davom ettirish katta istiqbollarni ochishiga shubha yoʻq.
Qumqoʻrgʻon mahallasi hududidagi tadbirkor Yu.Aliyev rahbarlik qilayotgan “Zabihillo Nozim Fayz” korxonasining yigirma kishilik mehnat jamoasi tomonidan bolalar mavsumiy kiyimi, maktab formalari tikish yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda tadbirkor kelgusida bankdan kredit olib barcha mavsumga mos kiyim-kechaklarni tikishni yoʻlga qoʻyish, 70 ta ish oʻrni yaratish va mahsulotlarini qoʻshni davlatlarga eksport qilish rejasi ustida ish olib borayapti.