Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori. Shu bois keyingi yillarda biznesga qoʻshimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari koʻrilmoqda. Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash qoidalari qisqartirildi. Bularning natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushgan.
Yigʻilishda bu boradagi ishlar yetarli emasligi qayd etilib, galdagi vazifalar muhokama qilindi. Xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha strategiya ishlab chiqish topshirigʻi berildi.
Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ehtiyot boʻlish, iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qoʻymaslik, buning uchun davlat organlari, biznes va jamoatchilik hamjihatlikda ishlashi muhimligini taʼkidladi.
Soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga yoʻl qoʻymaydigan tizim joriy etish vazifasi qoʻyildi. “Insofli soliq toʻlovchi” tizimini shakllantirib, shu yil yakuniga qadar Toshkent shahrida namuna sifatida amalga oshirishga koʻrsatma berildi.
Davlat xaridlari va investisqiya loyihalarida korrupsiyaga chek qoʻyish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Moliya vazirligiga bu borada shaffoflikni taʼminlash, jamoat nazorati va raqobatni kuchaytirish maqsadida Davlat xaridlari axborot portalini ishga tushirish topshirildi.
Endilikda har bir investitsiya loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi belgilandi. 2021-yildan boshlab ushbu tizim markazlashgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladigan barcha loyihalarga tatbiq etiladi.
Davlat organlarida ham yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi joriy etilmoqda. Xususan, Qurilish, Sogʻliqni saqlash hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklarida, “Oʻzbekneftgaz” va “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlarida bu borada ishlar boshlangan. Yil yakunigacha yana 14 ta tashkilotda va davlat ulushiga ega 10 ta bankda ushbu tizimni joriy etish vazifasi qoʻyildi.
Sohalar va yoʻnalishlar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish hamda ijrosini muhokama qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reyting metodikasi ishlab chiqilishi belgilandi. 2021-yildan boshlab ushbu reyting natijalari eʼlon qilib boriladi, shu asosida barcha rahbarlarning shaxsiy masʼuliyati baholanadi.
Yigʻilishda bojxona va soliq tizimiga doir masalalar ham koʻrib chiqildi. Inson omiliga chek qoʻyish orqali kontrabanda va mahsulotlarning bojxona qiymatini sunʼiy pasaytirish holatlari ustidan bojxona nazoratini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Davlat bojxona qoʻmitasi va Davlat soliq qoʻmitasiga import tovarlarining kirib kelishi, bojxonadan oʻtkazilishi va sotilishi boʻyicha yagona bazani ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan “Bojxona auditi” axborot tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.
Prezidentimiz yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun odamlarning legal ishlashiga koʻmaklashish, ularni manfaatdor qilish kerakligini taʼkidladi.
Masalan, oʻzini oʻzi band qilish tizimi soddalashtirilgani natijasida iyul oyining oʻzida 184 ming fuqaro rasmiy sektorda ish yurita boshladi.
Lekin, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat koʻrsatish sohalarida norasmiy bandlik darajasi hamon yuqori. Umuman, iqtisodiyotda band boʻlgan 10,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad soligʻi toʻlaydi.
Yigʻilishda bunday sohalar boʻyicha manzilli ishlash, norasmiy faoliyat yuritayotgan subyektlarni ragʻbatlantiruvchi mexanizmlar orqali yashirin iqtisodiyotdan olib chiqish kerakligi aytildi. Savdo, umumiy ovqatlanish, transport va maishiy xizmat koʻrsatish sohalarida plastik kartalar va boshqa turdagi kontaktsiz toʻlovlarni aylanma daromad soligʻini hisoblash bazasiga kiritmaslik taklifi bildirildi.
Davlatimiz rahbari kichik biznes subyektlari uchun soliq maʼmuriyatchiligini soddalashtirish, tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berish va litsenziyalashdagi ortiqcha tartib-taomillarni yana-da qisqartirish zarurligini taʼkidladi.
Masalan, 100 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomani qisqartirib, xabardor qilish tartibiga oʻtkazish, yana koʻplarini soddalashtirish, 14 ta hujjatni berish muddatlarini 2 baravargacha qisqartirish mumkin. Ushbu choralar natijasida tadbirkorlar yiliga 125 milliard soʻm iqtisod qilish imkoniga ega boʻladi.
Shuningdek, 43 ta idoraning 270 ta nazorat funksiyasini tanqidiy oʻrganib, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga sabab boʻlayotgan vakolatlarini qisqartirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Oʻz navbatida, korrupsion va yashirin faoliyatga mukkasidan ketgan noinsof tadbirkorlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligi aytildi.
Yashirin iqtisodiyotni tarmoqlar va sohalar boʻyicha tahlil qilish talab darajasida emasligi koʻrsatib oʻtildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, bir viloyat misolida yashirin iqtisodiyotning statistik hisoboti joriy etilishi belgilandi.
Korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir. Shu bois jamiyatda bu illatlarga nisbatan nafrat tuygʻusini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning salbiy oqibatlarini yoritib borish muhimligi qayd etildi.
– Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tadbirkorlarni jazolash, ularning faoliyatiga toʻsqinlik qilish degani emas. Bu ayniqsa pandemiya davrida katta ahamiyatga ega. Joylarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali mayda korrupsiyaga ham qatʼiy choralar koʻrish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan har bir vazirlik va tarmoq oldiga yil yakunida aniq koʻrsatkichlarga (KPI) erishish vazifasi qoʻyildi.