Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining kotibiyati tashkil etildi
Avval xabar berganimizdek, bugun – 24-iyul kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyada uzoq tumanlardan saylangan, keksa deputatlar oʻz yashash joylaridan, masofadan qatnashdi. Eʼtiborli jihati bu galgi sessiya ilk bor ijtimoiy tarmoqlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etildi va jarayonni bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Dastlab viloyatdagi jinoyat, fuqarolik, maʼmuriy ishlari boʻyicha va iqtisodiy sudlarning 2020-yil birinchi yarim yillikdagi faoliyati boʻyicha viloyat sudlari raislarining axboroti eshitildi.
Deputatlar, shu bilan birga ijtimoiy tarmoqlar kuzatuvchilari axborotlar yuzasidan sud raislariga savol berib, javob oldilar.
Shuningdek, sessiyada viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Sh.Rahmonov viloyat hududida jamoat tartibini saqlash va karantin tadbirlari talablariga toʻliq rioya etilishini taʼminlash yuzasidan axborot berdi. Viloyatda “Xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar” dasturining tuman va shaharlardagi ijrosi koʻrib chiqildi.
Sessiyada xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi kotibiyatini tashkil etish masalasi muhokama etildi.
– Joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlis Senatining dastlabki yalpi majlisida davlatimiz rahbari mahalliy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish, ularning nazorat faoliyatini kuchaytirish boʻyicha muhim takliflarni bildirgan edi, – dedi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi raisi E.Turdimov. – Xususan, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashini namunali kengashga aylantirish tashabbusi bildirilgan edi. Shundan kelib chiqib, viloyat Kengashi kotibiyatini tuzishga taklif etilmoqda. Uch kishidan iborat kotibiyatga deputatlar orasidan saylanadigan kotibiyat mudiri rahbarlik qiladi. U viloyat Kengashi raisi oʻrinbosari darajasida boʻladi. Ish haqi, transport va boshqa masalalarda viloyat hokimi oʻrinbosari darajasiga tenglashtiriladi. Sessiyalarni tashkil etish, Kengash va doimiy komissiyalar ish rejalarni shakllantirish, ularning ijrosini muvofiqlashtirish borish, umuman, Kengash faoliyati bilan bogʻliq tashkiliy, huquqiy, axborot-tahliliy faoliyat kotibiyat zimmasida boʻladi. Eng muhimi, bu mahalliy kengashning ijro hokimiyatidan mustaqil qilish yoʻlidagi dadil qadamdir.
Deputatlar xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi kotibiyati toʻgʻrisidagi Nizom, Kengashning 2020-yil ikkinchi yarim yilligiga moʻljallangan ish rejasi, kotibiyat xodimlarining shtatlar jadvalini tasdiqladilar.
Shunday tartib xalq deputatlari Samarqand shahar va Oqdaryo tuman Kengashlarida ham namunaviy tarzda joriy etilishi, mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtiriladigan doimiy asosda ishlovchi Kengash kotibiyati tuzilishi belgilandi.
Gʻ.HASANOV, OʻzA