Modernizatsiya: eski GESning yangi imkoniyatlari
Gidroenergetika sohasida soʻnggi uch yil mobaynida bir qator yirik investitsiyaviy loyihalar hayotga izchil tatbiq etildi. Sohada yangi GESlarni qurish, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish borasida 30 dan ortiq investitsiyaviy loyiha asosida keng koʻlamli ishlar olib borildi.
Xususan, Toshkent viloyatidagi Tuyaboʻgʻiz kichik GESi, Namangan viloyatida Katta Fargʻona kanali kichik GESlar kaskadi, Jizzax viloyatida Zomin mikro GESi, Samarqand viloyatida 5 mikro GESyangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ yangi qurilayotgan GESlar barobarida, mavjud GESlarda ham modernizatsiya ishlarini reja asosida bosqichma-bosqich amalga oshirmoqda. Misol uchun yurtimizning turli hududlarida gidroenergetik jihatdan salohiyati yuqori boʻlgan yangi GESlarni qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari yangi darajaga koʻtarilmoqda.
Ushbu koʻrsatkichlarni hududlar misolida tahlil etadigan boʻlsak, birgina Andijon viloyati suv resurslariga boyligi bilan gidroenergetik salohiyati jihatidan yetakchi oʻrinlarda turadi.
Maʼlumki, Janubiy Fargʻona kanali yurtimizdagi yirik magistral kanallardan biri hisoblanadi. Ushbu kanalning imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida, oʻtgan asrning 50 yillaridan eʼtiboran uning atrofida bir qator gidrotexnik inshootlar qurilgan.
Hozirgi kunda, viloyatda Andijon GES-1, Andijon GES-2, “Shahrixon GESlari kaskadi” unitar korxonasi tarkibiga kiruvchi 4 ta GES samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Oʻtgan yili kaskad tarkibidagi Janubiy Fargʻona kanalidagi GES-1 (JFK GES-1) modernizatsiyadan chiqarilib, yangi quvvatlarda faoliyatini davom ettirmoqda.
Joriy yilda esa, kaskad tarkibiga kiruvchi Janubiy Fargʻona kanalidagi GES-2 (JFK GES-2)ning modernizatsiyasi amalga oshirildi.
Bugun Janubiy Fargʻona kanali 2-GESda olib borilgan modernizatsiya jarayonlari yakunlari hamda mazkur GESning ishga tushirilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.
Qayd etish kerakki, “Shahrixon GESlari kaskadi” unitar korxonasi tarkibidagi JFK GES-2 Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida joylashgan.
GESda Rossiyaning “Uralelektroapparat” zavodida ishlab chiqarilgan bir dona gidrogenerator vertikal holda oʻrnatilgan. GESning oʻrnatilgan quvvati 6,7 MVt ni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-maydagi qarori va Hukumatning qator topshiriqlari doirasida JFK GES-2 da ham modernizatsiya ishlari izchillik bilan olib borildi. Buning uchun Xitoy Xalq Respublikasining “Power Construction Corporation of China” Ltd Bosh pudratchi korxonasi bilan shartnoma imzolandi hamda hamkorlikdagi texnologik ishlar amalga oshirildi.
Taʼkidlash joizki, modernizatsiyadan soʻng JFK GES-2 avtomatik (aqlli) boshqaruv tizimi hamda 7,05 MVt quvvat bilan ishlaydi.
“Oʻzbekgidroenergo” mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanib, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash jarayoniga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Ushbu tizimli va izchil faoliyat kelgusida zamonaviy Oʻzbekiston taraqqiyoti, xalq farovonligi, iqtisodiyot sektorlari rivoji, aholi xonadonlari yorugʻligining muhim omillaridan biri sifatida qayd etilishi, shubhasiz.
OʻzA