Pandemiyaga qarshi kurash tanqidiy tahlil qilindi, ishni yangitdan tashkil etish belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi haftaning birinchi ish kunini erta tongdan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning chuqur tanqidiy tahlilidan boshladi.
Xususan, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bogʻliq holat hamda uni barqarorlashtirish boʻyicha chora-tadbirlar davlatimiz rahbari raisligidagi videoselektor yigʻilishida koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz tadbir ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, pandemiya bilan bogʻliq vaziyat murakkabligicha qolayotganini aytdi. Jumladan, oxirgi toʻrt kunda mamlakat boʻyicha yangi aniqlangan 2 136 bemorning 1 218 nafari (yaʼni, 57 foizi) poytaxtimiz va Toshkent viloyatiga toʻgʻri keladi.
Koronavirusga shubha boʻlgan barcha bemorlarni infeksiya mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, zotiljam va nafas yetishmovchiligining klinik belgilari mavjudligiga asoslangan holda davolash muassasalariga qabul qilinishi belgilandi.
Toshkent shahrida mavjud 16 ta klinikaga qoʻshimcha COVID-19ga shubhali bemorlar uchun moʻljallangan yana 7 ta 850 oʻrinli “provizor” klinikalar tashkil qilindi. Ushbu klinikalarning tibbiyot xodimlariga har bir ish kuni uchun oylik maoshining 6 foizi miqdorida ustama haq toʻlash masalasi hal qilindi.
Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, bugundan boshlab koronavirusga chalingan bemorlar bilan ishlayotgan har bir maxsus shifoxonada alohida tijorat bankining kassalari tashkil qilinib, shifokorlarning 14 kunlik ish haqini joyida olish tizimi joriy etiladi.
Koronavirusli bemorlar uchun ajratilgan shifoxonalar qoʻshimcha 285 dona oʻpka sunʼiy ventilyatsiyasi apparati, 155 dona oʻpkani yordamchi nafas oldirish uskunasi, 140 dona kislorod konsentratori, 200 ta funksional yotoq bilan taʼminlandi, deya qayd etildi yigʻilishda.
“Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida ushbu virusga shubhali boʻlgan bemorlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatuvchi 500 oʻrinli Taqsimlovchi markaz tashkil qilinmoqda.
Xususiy klinikalarga ham bunday bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun ruxsat berildi va hozirda ularning roʻyxati tuzilmoqda.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tuman boʻlimlariga koronavirusga PZR-analizi olishga hamda tahlil javobini Respublika agentligiga yubormasdan, bevosita bemorlarga topshirish tartibi oʻrnatildi va bu orqali tahlil javoblarini kutish davri qisqaradi.
Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasida operatorlarning mehnat sharoiti yaxshilandi va bir smenada faoliyat olib borayotgan operatorlar soni 40 tadan 100 nafarga yetkazildi. Stansiyaga qoʻshimcha elektr tarmogʻi ulandi, brigadalar soni 250 tagacha koʻpaytirildi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati tez tibbiy yordam xizmati uchun jami 100 ta “Damas” ambulans mashinasi ajratildi, shulardan 25 tasi joylarga tarqatildi.
Poytaxt viloyatida koronavirus kasalligi gumonlangan shaxslarni davolash va nazoratini olib borish uchun 905 shifo oʻrin, diagnozi tasdiqlanganlar uchun 210 oʻrin statsionar shifoxona faoliyat koʻrsatmoqda, qoʻshimcha 350 zaxira oʻrin tayyorlab qoʻyildi.
“Oʻztelekom” korxonasi tomonidan uyali telefon apparatlari tarqatilmoqda.
Koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolash jarayoni uchun 49 xil turdagi dori vositalari zaxirasi uchun dastlabki 10 milliard soʻm pul ajratilishi rejalashtirildi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, 103 telefon raqamiga ulanish vaqti 1,5 daqiqadan 15 soniyagacha qisqartirildi, murojaatlarning asosiy qismi kelib tushadigan vaqt oraligʻida (soat 18:00 dan 24:00 gacha) eng tajribali operatorlar xizmat koʻrsatishi yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, pandemiyani jilovlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar joylarda tizimli yoʻlga qoʻyilmagani koʻrsatib oʻtildi.
Jumladan, birlamchi tibbiyot boʻgʻini, yaʼni oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlari aholiga yordam berish uchun 24 soatlik ish rejimiga oʻtkazilmagan.
Toshkent shahridagi 11 ta tuman koʻp tarmoqli markaziy va 64 ta oilaviy poliklinikada har birida 50 dan 200 nafargacha tibbiyot xodimi mavjud boʻlsa-da, ularning aksariyati kunning faqat birinchi yarmida bemorlarni qabul qilishadi.
Har bir poliklinikada COVID-19 infeksiyasi yengil yoki simptomsiz kechayotgan bemorlarga konsultativ yordam koʻrsatish uchun shakllantirilgan 3 ta shifokordan iborat maxsus mobil brigada biriktirilgan boʻlishi kerak, ammo ayrim brigadalarda umuman vrach yoʻq.
Deyarli barcha poliklinikalarda rentgen-diagnostika kabinetlari mavjud, lekin ularning imkoniyatlaridan umuman foydalanilmayapti.
Agar ushbu poliklinikalar aholiga samarali patronaj xizmatini amalga oshirsa, tabiiyki, 103 raqamli tez tibbiy yordamga bosim qisqaradi va aholi orasida sarosima yuzaga kelishining oldi olinadi.
Bosh vazir oʻrinbosari Behzod Musayev va Sogʻliqni saqlash vazirligiga poytaxtdagi 75 ta poliklinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ortiq shifokor va hamshirani infeksiya yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat koʻrsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda toʻliq safarbar qilish topshirigʻi berildi.
Shuningdek, ushbu faoliyatga jalb qilinayotgan shifokor va hamshiralar mehnatini ragʻbatlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Undan tashqari, pandemiya davrida har bir bemorni davolash uchun kislorodga ehtiyoj keskin ortadi. Toshkent tibbiyot akademiyasining koʻp tarmoqli klinikasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya markazi, Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasi, Respublika birinchi va ikkinchi son klinik kasalxonasida hamda barcha yangi ochilayotgan “provizor” shifoxonalarida 1 000 dan ortiq kislorod oʻtkazadigan nuqtalar sonini koʻpaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Toshkent shahar hokimligi, Ichki ishlar vazirligi hamda har bir tuman hokimi oʻz hududida joylashgan tibbiyot muassasalarini doimiy asosda kislorod bilan toʻldirib borishga shaxsan masʼulligi belgilandi.
Chet davlatlarda oʻpkasi yalligʻlangan har bir bemor uchun zudlik bilan kislorod konsentratorlariga maxsus niqoblar kiygizish orqali havo olishini yengillashtirib, qoʻliga pulsoksimetr taqilmoqda va bu bilan bemorning nafas yetishmovchiligi bartaraf qilinmoqda. Bosh vazirga mazkur tibbiyot jihozlarini imkon qadar qisqa muddatlarda mamlakatimizga yetkazish topshirigʻi berildi.
Buning uchun, agar kerak boʻlsa, maxsus samolyot ajratilishi, tadbirkorlar tomonidan kislorod konsentratorlarini Oʻzbekistonga olib kirish tartib-taomillarini yengillashtirish choralari koʻrilishi lozimligi qayd etildi.
Bemorlarni davolash uchun zarur dori-darmon vositalari zaxiralarini yaratish maqsadida qoʻshimcha ravishda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklari tegishlicha 20 milliard va 10 milliard soʻm mablagʻlarni “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasiga aylanma mablagʻ sifatida ajratishi belgilandi.
– Koronavirusni davolaymiz deb, deyarli barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari toʻldirib tashlandi, – dedi davlatimiz rahbari. – Natijada surunkali kasalligi bor bemorlar malakali tibbiy xizmatdan deyarli mahrum boʻldi.
Mutasaddilarga surunkali kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalardagi koronavirusga chalingan bemorlarni boshqa joylarga, shu jumladan, xususiy klinikalarga koʻchirish orqali surunkali xastaligi bor bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini qayta tiklash choralarini koʻrish topshirigʻi berildi.
Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yana-da oshib borishi hech gap emas, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. Shu munosabat bilan qisqa muddatlarda ushbu kasallikka chalinganlarni davolash uchun yaratilgan qoʻshimcha oʻrin-joylar sonini, birinchi navbatda, oliygohlar yotoqxonalari, yopiq sport maydonlari va boshqa sigʻimi katta bino-inshootlar hisobiga, kamida ikki-uch barobarga oshirilishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
Pandemiyaning salbiy oqibatlarini jilovlash va har bir rahbarning masʼuliyatini oshirish, fidokorlik koʻrsatayotgan tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish ishlari davom ettiriladi.
Kasallik oʻchogʻida oʻz jonini garovga tikib, har bir kasalni oʻlim yoqasidan olib chiqayotgan shifokorlarimizni davlat mukofoti bilan taqdirlash boʻyicha takliflar kiritish topshirigʻi berildi.
Prezidentimiz qayd etganidek, bugungi kunda respublika va mahalliy byudjetlardan moliyalashtiriladigan har qanday xarajat ustuvor ravishda pandemiyaga qarshi kurash tadbirlariga qaratilishi shart. Bundan muhim xarajatlar boʻlishi mumkin emas.
Shahar va tuman hokimlari 24 soat davomida har bir kasalxonadagi vaziyatni jilovlab turishga masʼul hisoblanadi hamda ular uzluksiz va muammosiz ishlashiga sharoit yaratib berishga javobgar deb belgilandi.
Shuningdek, yangi xarid qilinayotgan tez tibbiy yordam avtomobillari faoliyati uzluksizligini taʼminlash maqsadida iqtisodiyotning turli sohalaridan, birinchi navbatda, faoliyati toʻxtatilishi oqibatida daromadsiz qolgan yoʻlovchi tashuvchi jamoat transporti uyushmalarining malakali haydovchilari jalb etilishi yuzasidan vazifalar qoʻyildi.
Barcha sektor rahbarlari ish kunini ertalabdan oʻz hududlarida kasalxonalardagi ahvolni oʻrganish bilan boshlashi qatʼiyan belgilandi.
– Har bir rahbar bugungi kunda fuqarolarimizning sogʻligʻini saqlab qolishdan muhim vazifasi yoʻqligini anglashi shart, – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.
O'zA