Oʻzbekiston XDP: Monopol tashkilotlar ustidan parlament nazorati oʻrnatilmoqda
Bu haqda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi va Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining 6 oylik faoliyati sarhisobiga bagʻishlangan onlayn matbuot anjumanida aytildi.
Tadbir avvalida partiya markaziy kengashi raisi Ulugʻbek Inoyatov partiya oʻtgan yili saylov kampaniyasi boshlanishi oldidan “Isteʼmol savatchasi” va “Yashash minimumi”ni belgilash, bu borada qonun qabul qilish taklifini bildirganini, bugungi kunda qonun loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilganini aytdi.
Monopol korxonalarga berilayotgan imtiyozlarni kamaytirish va muvofiqlashtirish boʻyicha ham soʻz yuritildi.
Ularga berilayotgan imtiyozlarni kamaytirish va muvofiqlashtirish orqali mamlakatda qisqa, oʻrta hamda uzoq muddatli istiqbolli kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish bugun eng dolzarb masalalardan ekani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yil 6-iyul kuni imzolangan “Raqobat muhitini yana-da rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonga muvofiq Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Senat va Prezidentga hisobdorligi belgilangan. Shuningdek, ushbu hujjat bilan “2020-2024-yillarda tovar va moliya bozorlarida raqobatni rivojlantirish strategiyasi” va ushbu strategiyani amalga oshirish buyicha “Yul xaritasi” qabul qilingan. Bu, oʻz navbatida, tovar va moliya bozorlarida monopoliyani kamaytirish borasida samarali raqobat muhitini yaratish mexanizmining amaliyotga tatbiq etilishiga imkon beradi.
Matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv bilan taʼminlovchi monopol tashkilotlar bor. Partiyaning Saylovoldi dasturida bu haqda maʼlum qilingan. Har qanday sohada raqobat boʻlsa narx-navo tushadi, sifat oshadi. Masalan, kadastr xizmatining kamchiliklari yaqqol koʻrinib qoldi. Aholi bu xizmatga nisbatan eʼtiroz bildirmoqda. Hukumat bu tizimni xususiy sektorga berishni koʻrib chiqmoqda. Monopol tashkilotni tugatsak oʻrniga nima qoladi? Xalqimiz oldida ikki barobar muammo yuzaga kelishi mumkin. Uning oʻrniga boshqa tashkilot boʻlsa, ana shunda monopoliyaga chek qoʻyish mumkin.
Bugungi kunda mamlakatda 19 ta eng yirik monopol tashkilot bor. Ularga imtiyoz va preferensiyalar berilgan. Monopol tashkilotlarga berilgan imtiyozlardan ular qanday foydalanyapti, bozordagi ishtiroki qanday, xalq manfatiga salbiy taʼsir qilmayaptimi? Bu savollarga javob topish maqsadida endilikda shu tashkilotlar ustidan parlament nazorati oʻrnatilmoqda, dedi partiya masʼullari.
OʻzA