Karantin – virusga qarshi birinchi toʻsiq
Hukumat tomonidan oʻz vaqtida koʻrilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida koronavirus pandemiyasi dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda birmuncha yengil kechayotgan yurtimizda ham keyingi paytda ahvol ancha murakkablashmoqda. Agar xatar boshlanishidan karantin tartiblari buzilmaganda bizni bu badkor infeksiya chetlab oʻtarmidi?
Ushbu savol bilan Gʻallaorol tuman tibbiyot birlashmasi oliy toifali shifokori, I darajali “Sogʻlom avlod uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari sohibi Eson NORMATOVGA murojaat qildik.
– Bu savolga hech bir mutaxassis aniq javob berolmaydi. – deydi 52 yildan buyon insonlar salomatligini himoya qilib kelayotgan shifokor E. Normatov. – Ammo pandemiya boshlangandan buyon oʻtgan davrda bir haqiqat aniq boʻldi: karantin kasallikning tarqalish surʼatini pasaytiradigan birinchi va yagona toʻsiq ekan.
Buning isboti virus yurtimizga kirib kelishidan avvalroq xavfsizlik choralari koʻrilgani, karantin tadbirlari amalga oshirilganligi uchun kasallikdan himoyalanishda erishgan koʻrsatkichlar bizda dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda anchagina yaxshi ekanligidir. Qolaversa, xalqimizning koʻpchigi belgilangan karantin talablarini toʻliq rioya qilishi virusning nisbatan sekin tarqalishiga sabab boʻldi.
Ammo shunga qaramay keyingi paytda virusning tarqalish surʼati tobora tezlashib borayotir. Kasallikka chalinganlar soni esa kun sayin ortayotir. Sogʻliqni saqlash, profilaktika tizimlariga bosim ortayotganligi rasmiy manbalardan maʼlum qilinmoqda.
Bunday paytda karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilish oʻrniga uni buzish hollari ham kamaymayotgani vaziyatni yana-da murakkablashtirmoqda.
Asosiy koʻchalarda avtomashinalarning yurishi taʼqiqlangan. Ammo olisroq boʻlsa ham tor koʻchalarni aylanib, omonat koʻpriklardan oʻtib qatnayotgan mashinalar koʻpayib ketdi. Militsiya nazorat qilayotgan joylarda niqob taqilib, mahalla ichkarilarida, qoʻni-qoʻshnilar, yaqinlar toʻplaganda niqobsiz muloqotlar davom etayotir. Roʻparasida uch-toʻrt mashina turgan hovlilar ichkarisida ushbu mashinalar oʻrindigʻiga yarasha mehmon ham borligini aytish bachkinalikdek tuyulishi mumkin. Ammo kasallik yuqishi, tarqalishiga aynan shu toʻplanishlar sabab boʻlayotganini bemorlik tarixi koʻrsatib turibdi.
Karantin talablarini huquq tartibot idoralari xodimlari uchun emas, har birimizning hayotimiz uchun zarurligini tushunib yetib saqlamasak virusning tarqalishini tezlashtiramiz. Uning oʻzimizga, yaqinlarimizga kelishi tezlashadi.
Tabobatda vaqt oʻtgani sayin virus mutatsiya natijasida yuqqan odamini nobud qilmaydigan holga kelishi maʼlum. Demak, bu virusga qanchalik kech duch kelsak, uning zarari shuncha kam boʻladi.
Hukumatning koʻrayotgan choralaridan, karantin talablarini kuchaytirishdan ham shu maqsad koʻzda tutilgan.
T. BEKNAZAROV, OʻzA