Prezident Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirusga qarshi kurashish borasidagi ishlarni tanqid qildi hamda masʼullarni ogohlantirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15-iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bogʻliq vaziyat muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.
Koronavirus kasalligi yurtimizga kirib kelganidan beri davlatimiz rahbari epidemiologik holatni jiddiy nazoratga olib, deyarli har bir yigʻilishda bu masalaga toʻxtalib oʻtmoqda. Kecha boʻlib oʻtgan selektorda ham joylarda bu boradagi ishlar yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisoboti eshitilgan edi. Ularning hozirgi murakkab vaziyatni toʻgʻri baholay olmayotgani, xavfni tushunib yetmayotgani ayonlashdi.
Ayniqsa, Toshkent shahri va poytaxt viloyatida hokimlar va sektorlar rahbarlari ishonib topshirilgan hududlardagi haqiqiy ahvolni oʻrganmagan, dedi bugungi yigʻilishda davlatimiz rahbari. “Tibbiyot muassasalaridagi real vaziyatni bilmaydi. Aholini virusdan ogohlantirish va saqlash, kasallarni oʻz vaqtida va toʻgʻri davolash uchun masʼuliyatni his qilmagan.”
Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ham, keyingi bir oyda koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi keskin buzilgan, real holatdan kelib chiqib, davolash amaliyoti oʻzgartirilmagan.
Toshkent shahrida kasallikni aniqlaydigan testlar va zarur tibbiyot vositalari yetishmayapti. Dorixonalarda virus va isitmaga qarshi preparatlar narxi asossiz, bir necha barobar oshirib yuborilgan, bu esa aholi orasida koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda.
Ayni paytda Toshkent shahri shifoxonalarida 418 ta, Toshkent viloyatida esa 816 ta shtat birliklari boʻsh turgani vazirlik va hokimiyat tomonidan joriy vaziyat oʻz holiga tashlab qoʻyilganidan dalolat beradi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, aholi koronavirus va boshqa kasalliklar boʻyicha qayerga borib murojaat qilishni va davolanishni bilmay, sarson boʻlmoqda. Shoshilinch tibbiy yordamga qoʻngʻiroq qilib tushish qiyinlashib ketgan.
Virus yuqtirganlar soni poytaxtda 4 ming 92 tani va Toshkent viloyatida 1 ming 498 tani tashkil etmoqda. Bu butun mamlakat boʻyicha kasallarning 40 foizi deganidir. Toshkent shahrida koronavirusdan oʻlim soni ham keskin koʻpayib, 45 taga yetgan.
Prezident bunday achinarli holatlar aholining haqli shikoyat va eʼtirozlariga sabab boʻlayotganini taʼkidladi.
Koronavirus tarqalishining oldini olish va davolash boʻyicha Toshkent shahridagi ishlarni talab darajasida tashkil etmagani, epidemiologik vaziyatning salbiy oʻzgarishlariga tayyor boʻlishni taʼminlamagani, bu kasallik bilan “pastga tushib” mukammal shugʻullanmagani uchun Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga hayfsan eʼlon qilindi. Shahar va viloyatning barcha sektor rahbarlari jiddiy ogohlantirildi.
Respublika maxsus komissiyasiga bu ikki hududda koronavirus tarqalishiga qarshi kurash va aholini davolash ishlariga aloqador barcha vazirlik va idoralar, yirik tibbiyot muassasalari rahbarlaridan iborat 24 soat ishlaydigan shtablar tashkil qilish koʻrsatmasi berildi. Ushbu shtablar vaziyatni real vaqt rejimida nazorat qilib, yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish choralarini koʻradi.
Shuningdek, Toshkent shahri va poytaxt viloyatidagi poliklinikalar huzuridagi mobil guruhlar sonini uch barobar koʻpaytirish vazifasi yuklatildi.
Zangiota tumanida yaqinda ish boshlagan shifoxonadagi joy sonini yana 1000 oʻringa koʻpaytirish topshirigʻi berildi.
Poytaxtimizda dori-darmon yetkazilishi va narxi barqarorligini taʼminlash, shoshilinch tibbiy yordam xizmati va koll-sentrlar ishini samarali tashkil etish, COVID-19 bilan ishlayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish, kasallar uchun qoʻshimcha oʻrinlar tashkil etish, shuningdek, karantin hududlaridagi shaxslarni uy karantiniga bosqichma-bosqich oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi, zarur choralar belgilandi.
Aholidan murojaatlar soni keskin ortib borayotganini hisobga olib, koll-sentrlar aloqa vositalari va operatorlari sonini kamida ikki barobarga oshirish lozimligi taʼkidlandi.
Toshkent shahar hokimligiga kamida 3 oylik dori-darmon va himoya vositalari zaxirasini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.
Hozirgi sinovli vaziyatda kundalik ehtiyoj mollari va zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarining yetarli boʻlishi, narxlari asossiz oshib ketmasligi juda muhim. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga bu masalani qatʼiy nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Pandemiyaga qarshi kurashish, karantin qoidalariga amal qilish, ijtimoiy masofani saqlashning ahamiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda bu borada qilinayotgan kundalik ishlarni xolis va tezkor yoritish muhimligi taʼkidlandi.
Koronavirus kasalligini davolash bilan bogʻliq barcha jarayonlarga, jumladan, Toshkent shahridagi ishlarga masʼullar biriktirildi.
– Yana bir bor taʼkidlayman. Ayni paytda butun dunyo, shu jumladan, biz ham koʻrinmas dushman bilan chin maʼnoda urush olib boryapmiz. Bu virusning barcha xavf va xatarini toʻgʻri baholab, har tomonlama tayyorgarlik koʻrib kurashsak, uni albatta yengamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.