DFC bosh direktori Adam Boyler: “Oʻzbekiston bilan munosabatlarning rivojlanishda davom etishini kutyapman”
Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC ), kompaniya bosh ijrochi direktori Adam Boyler va AQSHning Afgʻonistondagi yarashuv boʻyicha maxsus vakili Zalmay Halilzod boshchiligidagi Amerika delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi yakuni boʻyicha sarmoya va infratuzilmani rivojlantirish sohasida hamkorlikka oid qoʻshma bayonotni eʼlon qildi.
Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi maʼlumotlariga koʻra, Adam Boyler ijtimoiy tarmoqlarda ushbu hujjatni quyidagicha izohladi: “DFC va Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsish, barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun infratuzilmani rivojlantirish hamda boshqa investitsiyalar sohasida kelgusidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonot berdi. Yaqinda mintaqaga qilgan safarimdan soʻng, men Oʻzbekiston bilan DFC oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirishdan umidvorman.
Qabul qilingan qoʻshma bayonotda tomonlar yangi ish oʻrni tashkil etish, aholining infratuzilma, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimidan foydalanishini taʼminlash, shuningdek, muqobil energiyani keng joriy etishga yoʻnaltirilgan xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan maxsus dasturlarni amalga oshirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda energetika, transport, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalarida DFC mablagʻlarini jalb qilgan holda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida strategik infratuzilma loyihalarini aniqlash va amalga oshirish maqsadida muntazam ravishda oʻzaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Shu nuqtayi nazardan, xalqaro rivojlanish standartlariga javob beradigan, shu jumladan ochiqlik, shaffoflik va moliyaviy barqarorlikni taʼminlaydigan loyihalarga uzoq muddatli xorijiy investitsiyalar oqimini ragʻbatlantirish uchun moʻljallangan “Blue Dot Network ” tashabbusi bilan loyihalarni birgalikda amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Oʻzbekiston aʼzolik mezonlari, sertifikatlash shartlari va tarmoqning tashkiliy tuzilishini belgilash maqsadida “Blue Dot Network ”ga kirish boʻyicha maslahatlashuvlarni davom ettiradi.
Oʻzbekiston elchixonasining maʼlumotiga koʻra, xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy hayotida toʻla va erkin ishtirok etish imkoniyatlarining kengayishi oʻzaro hamkorlikning alohida yoʻnalishi sifatida belgilangan. Ushbu mavzu DFC rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva bilan uchrashuvida alohida muhokama qilindi. Xususan, Prezident Donald Tramp tomonidan eʼlon qilingan –rivojlanayotgan mamlakatlarda xotin-qizlarga teng ish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan dasturlarni moliyalashtirishga yordam berish loyihasi – “Xotin-qizlar uchun global rivojlanish va farovonlik tashabbusi”ni taʼlim olish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va oʻqitish imkoniyatlarini kengaytirish orqali Oʻzbekistonda amalga oshirish istiqbollari haqida fikr almashildi.
Hujjatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, shuningdek, Afgʻonistonning Markaziy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy, transport va energetika aloqalarini kengaytirish orqali iqtisodiy tiklanishiga boʻlgan oʻzaro intilish alohida taʼkidlanadi.
Eslatib oʻtamiz, Adam Boyler va Zalmay Halilzod boshchiligidagi AQSH delegatsiyasi joriy yilning 29-iyun - 1-iyul kunlari Oʻzbekistonda boʻldi.
OʻzA