Jahon banki O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish uchun 500 million dollar ajratadi
O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov va Jahon banki (JB)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktor Liliya Burunchuk O‘zbekiston hukumati bilan Jahon banki o‘rtasidagi mamlakat qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladigan umumiy qiymati 500 million dollarlik qarz bitimini imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev, JBning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, shuningdek, bank va tegishli idoralar vakillari ishtirok etdi.
Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan tegishli ravishda 276 million va 224 million dollar miqdorida moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim sohalardan biri hisoblangan qishloq xo‘jaligining yalpi ichki mahsulot (YaIM)dagi ulushi 28, mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 10, ushbu sektorda band (3,6 million) insonlar ulushi esa jami mehnatga layoqatli aholining 27 foizini tashkil etadi. Mazkur tarmoq keyingi yillarda xususiy sektor rivojlanishining “drayver”laridan biriga aylanib, yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atini namoyish etib kelmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi o‘zgarishlar 2017 yildan boshlab O‘zbekiston hukumati keng islohotlar dasturining muhim tarkibiy qismiga aylandi. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligidagi paxta va bug‘doy ulushini kamaytirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega, jumladan, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada mehnat unumdorligini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ko‘paytirish, tarmoqni yanada modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish rejalashtirilgan.
S.Umurzoqov kredit shartnomalarini imzolash munosabati bilan tashkil qilingan tadbirda so‘zga chiqib, "Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar qishloq joylarida ko‘proq haq to‘lanadigan ish o‘rinlari yaratilishiga, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanishga va O‘zbekiston fermerlari, agrosanoat korxonalari eksport daromadining o‘sishiga imkon beradi. Ayni maqsadlarga erishish uchun hukumat Jahon banki va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlik qiladi. Bank tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi loyiha qishloq xo‘jaligini bozor va raqobatbardosh tarmoqqa aylantirishga hissa qo‘shib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga davlat xizmatlari taqdim etilishini sezilarli darajada yaxshilaydi", deya qayd etdi.
Ushbu loyiha tufayli O‘zbekiston hududlaridagi fermer va agro korxonalar vakillari uchun zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahat, ishlab chiqarish, agrologistika, fitosanitariyaning turli bosqichlarida qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan, shuningdek, savdo hajmini oshirish uchun zarur axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Natijada mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligi va eksport salohiyati o‘sishi hisobiga ularning ichki va xalqaro bozorlarda ishtiroki kengayadi.
Shuningdek, loyihada mahalliy tijorat banklari ishtiroki tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish hamda mahsulotni saqlash, qadoqlash va qayta ishlash quvvatlarini yaratish, energetik va suvni tejaydigan texnologiyalar, qishloq xo‘jaligi texnikalari sotib olishni nazarda tutgan holda eksportga yo‘naltirilgan qo‘shimcha qiymat zanjiri halqalarini ko‘paytirish uchun ulardan foydalanish istiqboli bilan uzoq muddatli kredit resurslarini jalb qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Loyiha O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish, amaliy tadqiqotlarni o‘tkazish va tarmoqqa ilg‘or ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi. Tegishli tadbirlar urug‘chilikni rivojlantirish, yer va suv resurslarini boshqarish, muayyan hududlarga mo‘ljallangan agroekologik iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, qolaversa, O‘zbekistondagi o‘simliklarning noyob genetik materiallarini saqlash masalalariga qaratiladi.
– Jahon banki xususiy sektor ulushini oshirish va tarmoqda davlat ishtirokini kamaytirishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini amalga oshirishga yordam berishdan mamnun, – dedi Marko Mantovanelli. – Bu yil O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi tufayli inqirozga uchragan boshqa sohalardan farqli o‘laroq, qishloq xo‘jaligi o‘sish namoyish etishi kerak. Bu oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan doimiy mavjud talab bilan bog‘liq. Tarmoq mamlakat iqtisodiyotini tiklash lokomotivlaridan biriga aylanishi mumkin. Bugungi sinovli kunlarda yangi loyiha minglab fermerlar va agrokorxonalar vakillariga ishlab chiqarish hajmi va o‘z mahsulotlari eksportini oshirishda yordam beradi.
Ta’kidlash joiz, "Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish" yilida hujjatlarni imzolash elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Mazkur kelishuv Jahon banki tomonidan mintaqada ushbu shaklda imzolangan birinchi hujjatdir.
2017 yil O‘zbekistonda islohotlar boshlanishi bilan Jahon bankining mamlakatimizga moliyaviy va texnik ko‘magi ko‘lami sezilarli darajada kengaydi. Tashkilotning umumiy qiymati 4,4 milliard dollarga teng 23 ta loyihadan iborat O‘zbekiston bo‘yicha dasturi bugungi kunda tuzilmaning Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturi hisoblanadi. Bank hukumatga turli sohalarda, jumladan, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimini, suv ta’minoti, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasining sog‘liqni saqlash tizimiga, iqtisodiyot va aholi farovonligiga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha inqirozga qarshi dasturni amalga oshirishda sezilarli yordam ko‘rsatmoqda.
Ma’lumot uchun, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) Jahon bankining asosiy kredit beruvchi muassasasi bo‘lib, ayni payt 189 a’zo davlat uchun tegishli global rivojlanish tashkiloti hisoblanadi. XTTB Dunyodagi eng yirik rivojlanish banki sifatida Jahon banki guruhi missiyasini kreditlar, kafolatlar, tavakkalchiliklarni boshqarish bo‘yicha mahsulotlar va maslahat xizmatlarini taqdim etish orqali qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, XTTB mintaqaviy va global muammolarga javob choralarini muvofiqlashtiradi.
Xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) Jahon banki tarkibida 1960 yilda tashkil etilgan. Tuzilma faoliyati iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, tengsizlikni kamaytirish va aholining yashash sharoitini yaxshilash dasturlarini amalga oshirish uchun kredit va grantlar taqdim etish orqali kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirilgan.